Rossiya SJ-100 samolyoti sinovlarini yoz oxirigacha yakunlamoqchi

Birlashgan aviatsiya korporatsiyasi (OAK) import oʻrnini bosuvchi SJ-100 samolyoti uchun sertifikatlashtirish parvozlari dasturini shu yilning yoz oxirigacha yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda korporatsiya rahbari Vadim Badexa TASS agentligiga bergan intervyusida maʻlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Badexaning soʻzlariga koʻra, hozirgi vaqtda sinov parvozlari umumiy hajmining qariyb 20 foizini bajarish qolgan. U MS-21 va SJ-100 loyihalari yakuniy bosqichda ekanini taʻkidlab, MS-21 samolyoti boʻyicha parvozlarning 70 foizi hali oldinda ekanini qoʻshimcha qildi.
Avvalroq Rossiya bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov mahalliy PD-8 dvigatellari bilan jihozlangan yangi SJ-100 samolyotlarini yetkazib berish 2026-yil oxiri yoki 2027-yilning birinchi choragida boshlanishi mumkinligini aytgan edi.
Maʻlumot uchun, PD-8 dvigatelining oʻzi barcha sinovlardan oʻtib boʻlgan va unga tegishli sertifikat iyun oyi boshida olinishi kutilmoqda. Ushbu loyiha Rossiya aviatsiya sanoatining xorijiy butlovchi qismlarga qaramligini kamaytirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!