Motorola Edge 2026: IP69 himoyasi va Sony kamerasiga ega ixcham smartfon

Motorola kompaniyasi oʻzining yangi Edge 2026 smartfonini rasman taqdim etdi. Qurilma zamonaviy standartlarga koʻra ancha ixcham boʻlib, uning ekrani diagonali 6,3 dyuymni tashkil etadi. Extreme AMOLED paneli 2640 × 1216 pikselli ruxsat va HDR-rejimida 5200 nitgacha boʻlgan rekord darajadagi yorqinlikni taʼminlaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfonning akkumulyator sigʻimi 5000 mA·soatga teng boʻlib, u 60 vattli simli va 15 vattli simsiz quvvatlanish texnologiyasini qoʻllab-quvvatlaydi. Kamera tizimi uchta moduldan iborat: asosiy sensor sifatida 50 megapikselli Sony LYT-710 tanlangan. Shuningdek, 50 megapikselli oʻta keng burchakli obʼyektiv va 3 karra optik yaqinlashtirish xususiyatiga ega 10 megapikselli teleobʼyektiv mavjud. Old kamera ham 50 megapikselli aniqlikka ega.
Qurilmaning apparat platformasi MediaTek Dimensity 7450 chipiga asoslangan. Smartfon Android 16 operatsion tizimida ishlaydi va ishlab chiqaruvchi kamida uchta yirik tizim yangilanishini vaʼda qilmoqda. Muhim jihati shundaki, korpus IP69 standarti boʻyicha suv va changdan toʻliq himoyalangan.
Motorola Edge 2026 AQSH bozorida 2026-yilning 11-iyunidan sotuvga chiqadi. Dastlabki bosqichda model faqat 8 GB tezkor va 128 GB doimiy xotira konfiguratsiyasida taklif etiladi. Yangi gadjetning narxi 600 dollar etib belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!