Trump sunʼiy intellekt nazorati boʻyicha yangi farmonni imzoladi

AQSH Prezidenti Donald Trump seshanba kuni hukumatga kuchli AI modellarini ommaga taqdim etilishidan oldin koʻrib chiqish imkoniyatini beruvchi ijroiya farmonini imzoladi. Hujjatga koʻra, sunʼiy intellekt kompaniyalari oʻzlarining yangi modellarini sinovdan oʻtkazish yoki baholash uchun mahsulot chiqarilishidan 30 kun oldin ixtiyoriy ravishda hukumatga taqdim etishlari soʻraladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Farmonning dastlabki loyihasida 90 kunlik muddat koʻzda tutilgan edi, biroq texnologiya sohasi vakillari bu muddatni ikki haftagacha qisqartirishni talab qilishgan. Trump may oyi oxirida farmonning qatʼiyroq versiyasini imzolashi kerak edi, ammo venchur investori David Sacks kabi soha vakillarining eʼtirozlaridan soʻng jarayon kechiktirildi. Prezident oʻshanda Xitoy bilan raqobatda AI kompaniyalariga xalaqit berishni istamasligini taʼkidlagan edi.
Seshanba kuni eʼlon qilingan hujjatda yangi AI modellarini ishlab chiqish, nashr etish yoki tarqatish uchun majburiy davlat litsenziyalash yoki ruxsatnoma talablari joriy etilmasligi alohida qayd etilgan. Trump ushbu farmonni Silicon Valley kompaniyalari rahbarlari ishtirokida imzolashni rejalashtirgan boʻlsa-da, yakunda hujjat yopiq eshiklar ortida imzolandi.
Ixtiyoriy koʻrib chiqish jarayonidan tashqari, farmon Adliya vazirligiga AI yordamida amalga oshiriladigan xakerlik hujumlari va ruxsatsiz kirish kabi jinoyatlarni ustuvor yoʻnalish sifatida koʻrib chiqishni yuklaydi. Bu prezidentning sunʼiy intellekt boʻyicha birinchi farmoni emas; oʻtgan yilning dekabr oyida u shtatlarning AI qonunlarini birlashtiruvchi milliy siyosat asoslarini yaratish boʻyicha buyruq bergan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!