Apple MacBook Neo yangi avlod xaridorlari orasida ommalashmoqda

Apple kompaniyasining MacBook Neo noutbuki bozorga chiqqanidan beri oʻtgan uch oy ichida kutilmagan muvaffaqiyatga erishdi. IDC tahliliy markazi maʻlumotlariga koʻra, Apple mart oyida yakunlangan chorakda 1,1 million dona MacBook Neo yetkazib bergan. Bu koʻrsatkich hatto MacBook Air (M5) va MacBook Pro (M5) modellarining debyut natijalaridan ham yuqoridir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
MacBook Neo modeli mart oyining oʻrtalarida sotuvga chiqqanini hisobga olsak, ushbu natija yanada hayratlanarli. IDC vitse-prezidenti Navkendar Singhning taʻkidlashicha, noutbuk atigi uch hafta ichida shuncha sotilgan va aprel oyidan boshlab talab keskin oʻsishda davom etgan. 599 dollarlik boshlangʻich narx ushbu qurilmani kengroq auditoriya uchun ochiq qildi.
Noutbuk Apple kompaniyasining premium dizaynini saqlab qolgan: u alyuminiy korpus va 13 dyuymli Liquid Retina displey bilan jihozlangan. Narxni pasaytirish maqsadida Apple unda M-seriyali protsessor oʻrniga A18 Pro chipidan foydalangan va bazaviy modelda 8GB tezkor xotira taqdim etgan. Ushbu strategiya oʻzini oqladi va koʻplab mamlakatlarda, xususan, Hindistonda katta talabga sabab boʻldi.
AQSH bozori umumiy yetkazib berishning 44 foizini tashkil etgan boʻlsa, Hindistonda Windows noutbuklari narxi oshishi fonida MacBook Neo eng jozibador tanlovga aylandi. Mutaxassislarning fikricha, Neo modelining muvaffaqiyati Apple kompaniyasining rivojlanayotgan bozorlardagi strategiyasini butunlay oʻzgartirib yuborishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!