Amazon kompaniyasi Ring kameralari sababli sudga berildi

Amazon kompaniyasi Ring aqlli eshik qoʻngʻiroqlari orqali shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlikda ayblanib, jamoaviy sudga tortildi. Sietl shahrida Virjiniya shtati rezidenti Charles Sigwalt tomonidan kiritilgan daʼvoda Ring qurilmalaridagi Familiar Faces funksiyasi yoʻlovchilarning suratlarini ularning roziligisiz saqlashi taʼkidlangan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Familiar Faces funksiyasi oʻtgan yilning sentyabr oyida eʼlon qilingan boʻlib, u sunʼiy intellekt yordamida uyga muntazam keluvchi shaxslarni tanib olish imkonini beradi. Tizim oila aʼzolari, qoʻshnilar yoki kurerlarni aniqlab, foydalanuvchiga "eshik oldida odam turibdi" degan umumiy xabar oʻrniga aniqroq bildirishnomalar yuboradi. Garchi foydalanuvchilar ushbu funksiyani oʻzlari yoqishlari kerak boʻlsa-da, huquq himoyachilari kamera obyektividan oʻtgan begona shaxslar oʻz yuzlari skanerlanishiga rozilik bermaganini aytishmoqda.
Daʼvo arizasida keltirilishicha, millionlab amerikaliklar Ring xavfsizlik kameralari yonidan oʻtayotganda oʻzlari bilmagan holda yuzni tanish tizimi obyektiga aylangan. Amazon hozircha ushbu holat boʻyicha rasmiy izoh bermadi. Avvalroq kompaniya yuz maʼlumotlari shifrlanishi va hech kimga ulashilmasligi, nomaʼlum shaxslarning maʼlumotlari esa 30 kundan keyin avtomatik oʻchirilishini maʼlum qilgan edi.
Bu Amazon uchun maxfiylik bilan bogʻliq birinchi muammo emas. 2023-yilda kompaniya FTC (AQSH Federal savdo komissiyasi) bilan 5,8 million dollarlik jarima boʻyicha kelishuvga erishgan edi. Oʻshanda kompaniya xodimlari mijozlarning shaxsiy videolariga asossiz kirish huquqiga ega boʻlgani aniqlangan. Shuningdek, Ring huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilib, politsiyaga orderlarsiz video materiallarni taqdim etgani uchun ham tanqid qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!