Isroil mahbuslar qochmasligi uchun qamoqxonani timsohlar bilan o‘ramoqchi

Isroilda falastinlik mahbuslar saqlanadigan yangi qamoqxona atrofini Nil timsohlari bilan o‘rash rejasi katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Buning uchun mamlakat hukumati mazkur hayvonlarning huquqiy maqomini o‘zgartirib, ulardan xavfsizlik maqsadlarida foydalanish imkonini beruvchi qaror qabul qildi.
Ma’lum qilinishicha, Atrof-muhit vaziri Idit Silman Nil timsohlarini himoya qilinadigan turlar ro‘yxatidan chiqarish haqidagi farmonni imzolagan. Endi davlat ushbu sudralib yuruvchilarni maxsus muhofaza tizimlarida qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.
Bu tashabbus Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir tomonidan ilgari surilgan g‘oya asosida amalga oshirilmoqda. U bir necha oy avval falastinlik mahbuslar uchun quriladigan qamoqxona atrofida timsohlar saqlanadigan himoya hududi tashkil etishni taklif qilgan edi. Ben Gvir bu g‘oya AQSHdagi “Alligator Alkatras” nomi bilan tanilgan muhojirlar markazidan ilhomlanganini aytgan.
Vazir hatto ijtimoiy tarmoqda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, qo‘lida timsoh yetaklab turgan suratini e’lon qilib, qochishga uringanlar uchun keskin ogohlantiruvchi izoh ham qoldirdi.
Biroq mazkur reja ekologlar va huquqshunoslar tomonidan qattiq tanqid qilinmoqda. Mutaxassislar timsohlardan tirik qo‘riqchi sifatida foydalanish ham hayvonlar huquqiga, ham xavfsizlik talablariga zid ekanini ta’kidlamoqda.
Isroil Tabiat va bog‘lar boshqarmasi Nil timsohlari faqat ilmiy tadqiqot va tabiatni muhofaza qilish maqsadida saqlanishi kerakligini bildirdi. Ekologik tashkilotlar esa qamoqxonalarda zamonaviy xavfsizlik texnologiyalaridan foydalanish lozimligini, hayvonlarni esa bunday vazifaga jalb etish mumkin emasligini aytmoqda.
Mutaxassislar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratdi. Ularga ko‘ra, qish faslida timsohlarning faolligi keskin pasayadi, shu bois ular doimiy qo‘riqchilik vazifasini bajara olmaydi.
Ayni paytda ushbu reja Isroil jamoatchiligi va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib, uni amalga oshirish yuzasidan muhokamalar davom etmoqda.






























Izohlar 0
…