NVIDIA Janubiy Koreya gigantlari bilan hamkorlikda yangi bosqichga chiqmoqda

NVIDIA kompaniyasi sunʼiy intellekt sanoatidagi oʻrnini yanada mustahkamlash maqsadida SK Hynix va boshqa Janubiy Koreya chiplar ishlab chiqaruvchilari bilan yangi strategik hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Kompaniya bosh direktori Jensen Huang Janubiy Koreyaga tashrifi davomida yarimoʻtkazgichlar va sunʼiy intellekt bozorini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Natijada NVIDIA SK Hynix, SK Telecom, Naver va Doosan Group konglomerati bilan xotira mikrosxemalari ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Janubiy Koreya jahon elektronika va chiplar ishlab chiqarish markazi hisoblanadi. Bu yerda sunʼiy intellekt bozorida yetakchi boʻlgan SK Hynix va Samsung kabi gigantlar joylashgan. Yangi kelishuvlar bozorda ortib borayotgan xotira qurilmalariga boʻlgan talabni qondirishga qaratilgan. Shu bilan birga, SK Group NVIDIA strategiyalariga tayangan holda robototexnika, shaxsiy kompyuterlar va sunʼiy intellektga asoslangan superkompyuterlar sohasidagi faoliyatini kengaytiradi.
Jensen Huang SK Hynix kompaniyasini NVIDIAʼning eng yirik hamkori deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya har yili SK Hynixʼdan milliardlab dollarlik mahsulot sotib oladi va kelajakda bu hajm sezilarli darajada oʻsadi. Ikki kompaniya oʻrtasidagi hamkorlik allaqachon ikki yildan ortiq vaqtni tashkil etadi va yangi shartnomalar bu aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
SK Telecom maʼlumotlariga koʻra, Janubiy Koreyada NVIDIA texnologiyalaridan foydalanadigan gigavatt miqyosidagi bulutli sunʼiy intellekt platformasi yaratiladi. Ushbu texnologik yechimga asoslangan birinchi maʼlumotlarni qayta ishlash markazi (Data Center) kelasi yili ochilishi kutilmoqda. Naver va Doosan ham oʻzlarining sunʼiy intellekt markazlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Doosan Group oʻzining energetik yechimlari bilan Amerika chip ishlab chiqaruvchisining maʼlumotlar markazlariga katta yordam berishi mumkinligini taʼkidladi. Eslatib oʻtamiz, NVIDIA yaqinda bozor qiymati 5,5 trillion dollardan oshgan tarixdagi birinchi ochiq aksiyadorlik kompaniyasiga aylandi.





























Izohlar 0
…