Hurriyat Isroilova Yulduz Usmonova va Ozoda Nursaidovaning qanday talaba bo‘lgani haqida aytdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hurriyat Isroilova «Omon-omon» ko‘rsatuvida mehmon bo‘lib, shogirdlari — Yulduz Usmonova va Ozoda Nursaidovaning talabalik yillari haqida xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning aytishicha, konservatoriyaning an’anaviy ijrochilik bo‘limida avval Yulduz Usmonova, bir-ikki yildan so‘ng esa Ozoda Nursaidova tahsil olgan. Ularning muomalasi va o‘zini tutishidan kelajakda mashhur san’atkor bo‘lishi sezilib turgan. Har ikkalasi ham yaxshi talaba bo‘lishgan. O‘sha paytlari Yulduzxon ham, Ozodaxon ham to‘ylarga borishgan, yaxshi ijod qilishgan. Biroq har ikkisi ham juda cho‘rtkesar bo‘lgani uchun ularga tez-tez «tilni tiyish kerak», deb nasihat bergan.
Hurriyat Isroilovaning ta’kidlashicha, ayniqsa Ozoda Nursaidovaga kattalarni hurmat qilish va san’ati bilan o‘z o‘rnini topish haqida ko‘p bor maslahat bergan. Uning fikricha, biz san’atga kirib kelgan vaqtlarimiz bunaqa raqobat, ko‘rolmaslik degan narsalar bo‘lmasdi. 90-yillardan keyin san’at olamida raqobat, bir-birini ko‘rolmaslik va oyoqdan chalish holatlari ko‘paygan.
Ba’zida Ozoda darsga kelmay qolganida jahlim chiqib: «Ozoda emas, Nursaid, qayerdasan?» deb tanbeh berardim. U esa har doim: «Hozir, yo‘ldaman», derdi, ammo baribir darsga kechikib kelardi. Besh-olti soatlik mashg‘ulot tugayotgan paytda kirib kelib: «Jon Hurriyat opa, aylanay, to‘yda edim, ushlanib qoldim», deb uzr so‘rardi.
«Yulduzxonni ham, Ozodaxonni ham o‘z singlimdek yaxshi ko‘rganman. Ular ham meni hurmat qilishgan. Insonning hurmati va obro‘si, avvalo, uning muomalasiga bog‘liq», — deya so‘zini yakunladi san’atkor.






























Izohlar 0
…