Samsung Galaxy S27 ilk bor tarmoqlarda koʻrinish berdi

Samsung kompaniyasining boʻlajak flagman smartfoni Galaxy S27 ilk bor GSMA maʼlumotlar bazasida paydo boʻldi. Bu nufuzli manba tomonidan qurilmaning mavjudligini tasdiqlovchi birinchi rasmiy dalildir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hujjatlarda ushbu model SM-S952U katalog raqami ostida qayd etilgan. Samsung kompaniyasining anʼanaviy belgilash tizimiga koʻra, bu Amerika bozori uchun moʻljallangan va aloqa operatoriga bogʻlangan versiya ekanligini anglatadi.
Hozircha qurilmaning texnik xususiyatlari toʻliq ochiqlanmagan, biroq tarqalgan mish-mishlarga koʻra, Galaxy S27 Xitoyning BOE kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ekranga va Exynos 2600 platformasiga ega boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, Galaxy S27 Ultra modeliga Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro chipi oʻrnatilishi taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, Samsung kompaniyasi Galaxy S27 uchun yangilangan kamera tizimini tayyorlayotgani haqida xabarlar bor, ammo bu yoʻnalishda tubdan oʻzgarishlar kutilmayapti. Agar kompaniya oʻzining anʼanaviy flagman yangilash jadvaliga amal qilsa, Galaxy S27 seriyasining taqdimoti 2027-yilning fevral oyida boʻlib oʻtadi.





























Izohlar 0
…