O‘zbekistonda hayvonlar uchun pasport majburiy bo‘ladi

O‘zbekistonda jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va ko‘paytiriladigan barcha hayvonlarni majburiy identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish hamda kuzatish tartibi joriy etilmoqda. Ushbu yangi qonun talabiga ko‘ra, qoramol, qo‘y, echki, tuya, ot, cho‘chqa, it va mushuklar turlariga qarab belgilangan muddatlarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.
O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimi bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda. Joriy yilning 7 avgustidan boshlab mamlakat hududida jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va (yoki) ko‘paytiriladigan hayvonlar belgilangan tartibda identifikatsiya qilinishi hamda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘ladi. Bu talab 2025 yil 6 avgust kuni qabul qilingan «Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan.
Qonunga muvofiq, ushbu sohadagi vakolatli davlat organi sifatida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi belgilangan bo‘lib, hayvonlarni hisobga olish, identifikatsiya qilish va kuzatish ishlarini tashkil etadi.
Hujjatda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatdan o‘tkazishning aniq muddatlari ham belgilab qo‘yilgan. Jumladan:
qoramol, qo‘y, echki va tuyalar — tug‘ilganidan 14 kundan keyin;
otlar — tug‘ilganidan 4 oydan keyin;
cho‘chqalar — tug‘ilganidan 1 oydan keyin;
itlar va mushuklar — tug‘ilganidan 3 oydan keyin identifikatsiya qilinishi lozim.
Shu bilan birga, mazkur muddatlar tugagach, hayvonlar 1 oydan kechiktirilmasdan identifikatsiya qilinishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart hisoblanadi.
Qonunga asosan, saqlash yoki ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonga olib kiriladigan hayvonlar ham mamlakat hududiga kiritilgan sanadan boshlab 21 kun ichida identifikatsiya qilinishi lozim.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida saqlanadigan yoki ko‘paytiriladigan hayvonlar so‘yilgan, nobud bo‘lgan, o‘lgan, yo‘q qilingan yoki mamlakat tashqarisiga olib chiqilgan taqdirda, ular 7 kun ichida hisobdan chiqarilishi belgilangan.
Qonunda qayd etilishicha, hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish bilan bog‘liq tadbirlar hayvon egalarining o‘z mablag‘lari, homiylik xayriyalari, Davlat budjeti mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Ayni paytda, hayvon egalaridan to‘lov undirmasdan identifikatsiya qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi hamda uning bosqichlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan alohida belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur qonunning 12-moddasi ikkinchi qismi esa 2028 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Unga muvofiq, hayvon egalari qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishi, o‘z hayvonlarini belgilangan muddatlarda identifikatsiya qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobdan chiqarish uchun vakolatli davlat organiga elektron yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi shart bo‘ladi.
Bundan tashqari, hayvon egasi almashgan taqdirda uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ham majburiy hisoblanadi. Shuningdek, identifikatsiya qilinmagan va ro‘yxatga olinmagan hayvonlarni saqlash yoki ko‘paytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunga ko‘ra, hayvon egalari qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi, shu bilan birga zimmasiga yuklatilgan qo‘shimcha majburiyatlarni ham bajarishi lozim.






























Izohlar 0
…