United Airlines va Rolls-Royce oʻrtasida 175 mln dollarlik nizo kelib chiqdi

Dunyoning eng yirik aviakompaniyalaridan biri — United Airlines va Britaniyaning aviatsiya dvigatellari ishlab chiqaruvchisi Rolls-Royce oʻrtasida ziddiyat kuchaymoqda. United Airlines rahbari Skott Kerbi Rolls-Royce kompaniyasini keskin tanqid qilib, u buyurtmalarni mahsulot sifati tufayli emas, balki raqobat yoʻqligi sababli qoʻlga kiritayotganini taʼkidladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rio-de-Janeyroda oʻtgan Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining (IATA AGM 2026) yillik konferensiyasida Kerbi Airbus A350 atrofidagi vaziyatga toʻxtalib oʻtdi. Bugungi kunda ushbu oilaga mansub barcha samolyotlar faqat Rolls-Royce Trent XWB dvigatellari bilan jihozlanmoqda, bu esa aviakompaniyalarni boshqa yetkazib beruvchini tanlash imkoniyatidan mahrum qiladi. Kerbining soʻzlariga koʻra, bunday qaramlik tashuvchilar uchun jiddiy xavf tugʻdiradi.
Ushbu keskin bayonotlar ortida koʻp million dollarlik moliyaviy nizo yotibdi. Bir necha yil avval United Airlines avvalroq buyurtma qilingan Airbus A350-900 samolyotlaridan voz kechib, Boeing 787 parkini kengaytirishga qaror qilgan edi. Shundan soʻng aviakompaniya dvigatellar uchun oldindan toʻlangan 175 million dollar miqdoridagi avansni qaytarishni talab qildi.
United Airlines tomoni Britaniya kompaniyasi shartnoma majburiyatlarini bajarmaganini daʼvo qilmoqda. Rolls-Royce esa bunga rozi emas va kelishuvning bajarilishini hamda yetkazilgan zararni qoplashni talab qilib, qarshi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qildi. Mazkur sud jarayoni natijasi butun aviatsiya sanoati uchun muhim ahamiyatga ega boʻlishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Trent XWB dvigatellari avval ham tanqidga uchragan edi. Xususan, Emirates rahbari Tim Klark Yaqin Sharqning qumli va changli iqlim sharoitida ushbu dvigatellarning chidamliligi pastligini aytib, Rolls-Royce muammoni hal qilmaguncha Airbus A350-1000 samolyotlarini sotib olmasligini maʼlum qilgan edi.






























Izohlar 0
…