Xakerlar 100 dan ortiq tashkilotning Oracle PeopleSoft serverlarini buzib kirdi

Xakerlar 100 dan ortiq tashkilotning Oracle PeopleSoft serverlarini buzib kirdi

Mashhur ShinyHunters kiberjinoyatchilar guruhi 100 dan ortiq tashkilot, jumladan, koʻplab universitetlarning Oracle PeopleSoft serverlarini buzib kirganini maʻlum qildi. Bu haqda guruh aʻzolaridan biri TechCrunch nashriga xabar bergan. Mazkur kiberhujumlar haqida birinchi boʻlib BleepingComputer nashri xabar tarqatdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Oracle PeopleSoft — bu ish haqi, inson resurslari, maʻmuriyat va boshqa biznes jarayonlarini boshqarish uchun moʻljallangan korporativ dasturiy taʻminotdir. Ushbu voqea ShinyHunters hozirgi vaqtda eng faol kiberjinoyatchi guruhlardan biri boʻlib qolayotganini va ommaviy xakerlik hujumlarini oʻzining asosiy yoʻnalishiga aylantirganini koʻrsatmoqda.

Guruhning ish uslubi ommabop dasturiy taʻminotlardagi zaifliklarni topish va shu orqali bir vaqtning oʻzida koʻplab qurbonlarga zarar yetkazishdan iborat. Xakerlar tomonidan jabrlanuvchilarga yuborilgan xabarda talabalar, abituriyentlar, moliyaviy yordam, immigratsiya, sogʻliqni saqlash va maʻmuriy maʻlumotlar oʻgʻirlangani aytilgan.

Oʻgʻirlangan maʻlumotlar orasida talabalarning uy manzillari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va tugʻilgan sanalari mavjud. Xakerning soʻzlariga koʻra, nishonga olingan maktab va oliygohlarning aksariyati avvalroq boshqa kampaniyalar doirasida ham kiberhujumga uchragan edi.

Guruh aʻzosining taʻkidlashicha, ularning asl maqsadi FBI (FTB)ning PeopleSoft serverini buzish boʻlgan. Ular shu orqali oʻtgan oyda FBI tomonidan eʻlon qilingan ogohlantirishdagi "swatting" (yolgʻon chaqiriqlar) hujumlariga ShinyHunters aloqador emasligi haqida bayonot bermoqchi boʻlishgan. Biroq, FBI serveriga kirish urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Oracle kompaniyasi hozircha ushbu holat yuzasidan izoh bermadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar