Sam Altman va Jakub Pachocki OpenAI kelajagi hamda uchinchi faza haqida

OpenAI rahbari Sam Altman va kompaniyaning bosh olimi Jakub Pachocki hammualliflikdagi yangi maqolasida sunʼiy intellekt rivojlanishini elektr energiyasining tarqalishi bilan qiyosladi. Ularning fikricha, XX asrda elektrlashtirish iqtisodiy oʻsishni qanday tezlashtirgan boʻlsa, sunʼiy intellekt ham iqtisodiyot, fan va kundalik hayotni qayta quruvchi asosiy texnologiyaga aylanadi. Mualliflar texnologiyaning asosiy samarasi uning ommaviy tarqalishi va inson imkoniyatlari doirasini kengaytirishi bilan bogʻliqligini taʼkidlamoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maqolada OpenAI strategiyasining «uchinchi fazasiga» oʻtish masalasi koʻtarilgan. Birinchi faza AGI sohasidagi fundamental tadqiqotlar boʻlsa, ikkinchisi texnologiyalarni mahsulotga aylantirish va joriy etish edi. Uchinchi faza esa iqtisodiyotning sunʼiy intellekt atrofida qayta qurilishi, modellarning xavfsizligi, arzonligi va kundalik jarayonlarga integratsiyalashuvini taʼminlashni koʻzda tutadi. Shuningdek, har bir inson uchun shaxsiy AGI darajasidagi yordamchiga ega boʻlish imkoniyati strategik maqsad sifatida belgilangan.
Alohida eʼtibor ilmiy tadqiqotlar kelajagiga qaratilgan. Sam Altman va Jakub Pachocki 2028-yilga borib OpenAI ichidagi tadqiqotlarning katta qismi sunʼiy intellekt tizimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishini bashorat qilmoqda. Sunʼiy intellekt gipotezalarni shakllantirish va ularni tekshirishda ishtirok etib, ilmiy kashfiyotlar surʼatini keskin oshiradi. Bu jarayonda insonning roli vazifalarni bajarishdan maqsadlarni belgilash va natijalarni baholashga oʻzgaradi.
Mualliflar texnologiyaning bir necha kompaniya yoki davlatlar qoʻlida toʻplanib qolishi xavfli ekanini qayd etishdi. Ular xalqaro muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratish, xavflar xavfsizlik choralaridan oʻzib ketgan taqdirda poygani sekinlashtirish va sunʼiy intellekt tizimlarining barqarorligini taʼminlovchi global standartlarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidlamoqda.






























Izohlar 0
…