Olimlar suvaraklarni masofadan boshqariladigan kiber-robotlarga aylantirishdi

Singapur olimlari robototexnika sohasida inqilobiy qadam tashlab, tirik suvaraklarni masofadan boshqariladigan kiber-organizmlarga aylantirishga muvaffaq boʻlishdi. Nature Communications jurnalida eʼlon qilingan tadqiqot natijalariga koʻra, ushbu bio-gibrid tizimlar nafaqat quruqlikda, balki maxsus ishlab chiqilgan “aquvalang” qurilmalari yordamida suv ostida ham harakatlanish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Nanyang texnologiya universiteti professori Hirotaka Sato boshchiligidagi guruh ushbu loyiha uchun Madagaskar suvaraklarini tanlab oldi. Bu hasharotlar oʻzining chidamliligi, besh yilgacha yashay olishi va noqulay sharoitlarga yuqori darajadagi moslashuvchanligi bilan ajralib turadi. Olimlarning maqsadi — anʼanaviy robotlar kira olmaydigan vayronalar va xavfli hududlarda qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshiradigan boshqariluvchi platforma yaratishdir.
Suv ostida nafas olish texnologiyasi
Loyiha doirasidagi eng katta texnik toʻsiq suvaraklarning suv ostida uzoq vaqt qola olmasligi edi. Muammoni hal qilish uchun muhandislar 3D-printerda hasharotning nafas olish teshiklarini yopib turuvchi miniatyura modullarini chop etishdi. Ushbu tizim kislorod ballonlariga emas, balki kimyoviy reaksiyaga asoslangan. Vodorod peroksid va marganets dioksidi aralashmasi parchalanib, hasharotning nafas olish tizimiga bevosita kislorod yetkazib beradi.Tadqiqotchilar dastlab boshqaruv qurilmalarini hasharotning ustiga “rjukzak” koʻrinishida oʻrnatishga urinishgan edi. Biroq, bu usul suvarakning harakatlanish tezligini pasaytirib yuborgani maʼlum boʻldi. Natijada barcha mikrosxemalar va quvvat manbalari bevosita hasharotning tanasiga joylashtirildi. Bu esa kiber-organizmlarga suv ostida ham quruqlikdagi kabi yuqori tezlikda harakatlanish imkonini berdi.
Kelajakdagi istiqbollar va afzalliklar
Oʻtkazilgan tajribalar shuni koʻrsatdiki, modifikatsiya qilingan suvaraklar suv ostida uch soatgacha faol boʻlishlari mumkin. Eng muhimi, tajribadan soʻng hasharotlarning umumiy holatida hech qanday salbiy oʻzgarishlar kuzatilmagan. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, bunday bio-gibrid tizimlar klassik robotlarga qaraganda bir qancha ustunliklarga ega:- Ishlab chiqarish xarajatlarining keskin pastligi;
- Yuqori energiya samaradorligi (hasharot oʻz harakati uchun energiyani oziq-ovqatdan oladi);
- Murakkab releflarda va tor joylarda harakatlanish qobiliyati;
- Ekstremal sharoitlarda, jumladan, boshqa sayyoralardagi missiyalarda foydalanish imkoniyati.





























Izohlar 0
…