AQSH ilk dumaloq bo‘lmagan oltin tangasini chiqaradi (foto)

Amerika Qo‘shma Shtatlari zarbxonasi mamlakat tashkil topganining 250 yilligi munosabati bilan noodatiy shakldagi oltin tangalar va kumush medalni taqdim etadi.
16 iyul kuni chiqariladigan kolleksiya Ozodlik jomi shaklida tayyorlangan. Har bir mahsulot atigi 2026 nusxada zarb etiladi.
Tanga Ozodlik jomi shaklida yaratildi
Kolleksiyadan bir unsiyalik va yarim unsiyalik — 15,55 gramm og‘irlikdagi oltin tangalar, shuningdek, bir unsiyalik kumush medal o‘rin olgan.
Har bir mahsulotning adadi 2026 donani tashkil etadi. Bu raqam AQSH tashkil topganining 250 yilligi nishonlanayotgan yilni anglatadi.
AQSH tarixidagi noodatiy tanga
Zarbxona ma’lumotiga ko‘ra, bir unsiyalik «Ozodlik jomi» tangasi AQSHning eng yangi tarixidagi birinchi dumaloq bo‘lmagan oltin tanga hisoblanadi.
«Ozodlik jomi uzoq vaqtdan beri ko‘plab amerikaliklar uchun erkinlik ramzi bo‘lib xizmat qilib kelgan», — deyiladi rasmiy xabarda.
Tanga mamlakat mustaqilligi va suverenitet uchun olib borilgan inqilobiy kurashga bag‘ishlangan.
Old tomonida darz ketgan jom tasvirlangan
Tanganing old qismida mashhur darz ketgan Ozodlik jomi aks ettirilgan.
Unda quyidagi yozuvlar ham joy olgan:
«LIBERTY» — «Ozodlik»;
«1776 ~ 2026» sanalari;
«IN GOD WE TRUST» — «Biz Xudoga ishonamiz».

Orqa tomonida Mustaqillik zali bor
Tanganing orqa qismida Ozodlik jomining tarixiy joyi bo‘lgan Independence Hall — Mustaqillik zali tasvirlangan.
Bino bayram mushakbozligi fonida aks ettirilib, kompozitsiya AQSH mustaqilligining 250 yillik tarixini ifodalaydi.
Cheklangan adad va noodatiy shakl tufayli yangi tangalar kolleksionerlar orasida katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.
































Izohlar 0
…