Samsung 870 EVO soxtalaridan ehtiyot boʻling: Tashqi koʻrinishi bir xil, ammo tezda buziladi

Axborot texnologiyalari bozorida soxta qurilmalar muammosi yangi bosqichga chiqdi. Endilikda firibgarlar nafaqat tashqi koʻrinishni, balki dasturiy taʼminot darajasidagi maʼlumotlarni ham mukammal darajada nusxalashmoqda. Xususan, dunyodagi eng ommabop SSD drayverlaridan biri boʻlgan Samsung 870 EVO modelining yangi turdagi soxta nusxalari paydo boʻldi. Bu qurilmalar oddiy foydalanuvchi uchun originaldan deyarli farq qilmaydi, biroq ulardan foydalanish jiddiy maʼlumotlar yoʻqolishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yaponiyaning AKIBA PC Hotline nashri mutaxassislari ushbu soxta Samsung 870 EVO drayverini batafsil sinovdan oʻtkazishdi. Maʼlum boʻlishicha, qurilma tashqi qadogʻi, korpusi va hatto yorliqlari boʻyicha original mahsulot bilan bir xil. Eng xavfli jihati shundaki, drayver kompyuterga ulanganda Windows operatsion tizimi uni haqiqiy 2 TB hajmli Samsung qurilmasi sifatida taniydi. Hatto CrystalDiskMark kabi mashhur test dasturlari ham SATA interfeysi uchun standart boʻlgan tezlik koʻrsatkichlarini qayd etadi.
120 GBdan soʻng ishdan chiqadigan xotira
Biroq, bu aldov uzoqqa bormaydi. Mutaxassislar H2testw dasturi yordamida drayverning haqiqiy imkoniyatlarini tekshirishganda, kutilmagan natija qayd etildi. Maʼlumot yozish hajmi taxminan 120 GBga yetganda, drayverning ishlash tezligi birdaniga nolga tushib qoladi. Shundan soʻng qurilma nafaqat maʼlumot yozishni toʻxtatadi, balki undagi mavjud fayllarni ham oʻqib boʻlmaydigan holatga keladi.Aksariyat arzon soxta SSD drayverlar oʻz hajmi toʻlgandan keyin eski maʼlumotlar ustidan yangisini yozishda davom etsa, ushbu "nusxa" butunlay ishdan chiqadi. Bu shuni anglatadiki, foydalanuvchi oʻzining muhim arxivlarini drayverga koʻchirib boʻlgach, barcha maʼlumotlaridan bir lahzada ayrilishi mumkin. Qurilma ichki qismi ochib koʻrilganda, u yerda Samsung kontrolleri oʻrniga arzon Realtek RayMX RM1135T chipi va markirovkasiz ikkita NAND xotira moduli oʻrnatilgani aniqlandi.
Oʻzbekiston bozorida ham Samsung brendining xotira qurilmalari juda ommabop hisoblanadi. Koʻpincha xaridorlar narxning arzonligiga uchib, norasmiy doʻkonlar yoki onlayn savdo maydonchalaridan mahsulot xarid qilishadi. ixbt.com maʼlumotlariga koʻra, bunday firibgarlik qurboniga aylanmaslik uchun bir necha qoidalarga amal qilish lozim:
- Mahsulotni faqat rasmiy distribyutorlar yoki ishonchli doʻkonlardan xarid qilish;
- Samsung Magician dasturi orqali drayverning haqiqiyligini tekshirish (soxta qurilmalar ushbu dasturda tan olinmaydi);
- Narxning bozordagi oʻrtacha narxdan haddan tashqari pastligiga shubha bilan qarash;
- Xarid qilingan zahoti H2testw kabi dasturlar yordamida toʻliq hajmni tekshirib koʻrish.






























Izohlar 0
…