Stripe va Advent PayPal toʻlov tizimini 53,4 milliard dollarga sotib olmoqchi

Raqamli toʻlovlar bozorida yirik kelishuv amalga oshishi kutilmoqda. Stripe kompaniyasi va Advent International xususiy investitsiya firmasi PayPal elektron toʻlov gigantini sotib olish boʻyicha rasmiy taklif kiritdi. Taxminan 53,4 milliard dollarga baholanayotgan ushbu bitim moliya texnologiyalari sohasidagi eng yirik voqealardan biri boʻlishi mumkin. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Reuters agentligi xabariga koʻra, ushbu taklif joriy oyning boshida taqdim etilgan va u banklar tomonidan kafolatlangan qariyb 50 milliard dollarlik moliyaviy koʻmakka ega. Rejaga muvofiq, Stripe va Advent International kompaniyalari PayPal aksiyalarini teng ulushlarda (50/50) oʻzaro boʻlishib olishni koʻzda tutmoqda. Bu Stripe kompaniyasining oʻz raqibini sotib olish borasidagi birinchi urinishi emas.
Joriy yilning fevral oyida ham Stripe kompaniyasi PayPal bilan dastlabki muzokaralar olib borayotgani haqida maʼlumotlar tarqalgan edi, biroq oʻshanda jarayon rasmiy taklif darajasiga yetmagandi. Endilikda esa tomonlar aniq raqamlar va moliyaviy manbalar bilan harakatga tushgani koʻrinib turibdi. Agar ushbu kelishuv muvaffaqiyatli yakunlansa, jahon bozoridagi ikki eng yirik toʻlov tizimi birlashadi.
Bozordagi kuchlar nisbati
PayPal hozirgi kunda dunyo boʻylab 440 milliondan ortiq faol foydalanuvchiga ega va 2025-yil davomida 1,8 trillion dollar miqdoridagi tranzaksiyalarni amalga oshirishi kutilmoqda. Oʻz navbatida, Stripe ham boʻsh kelayotgani yoʻq: kompaniya orqali oʻtayotgan toʻlovlar hajmi 1,9 trillion dollarni tashkil etmoqda. Shunisi eʼtiborliki, Stripe kompaniyasining bozor qiymati joriy yilda 159 milliard dollargacha koʻtarilgan.Ushbu potensial kelishuv PayPal uchun oʻta ogʻir va burilish nuqtasi boʻlgan davrga toʻgʻri keldi. Kompaniyaning yangi bosh direktori Enrique Lores mart oyida lavozimga kelgach, moliyaviy koʻrsatkichlarning pasayishi haqida ogohlantirish bergan edi. Hozirda kompaniya xarajatlarni 1,5 milliard dollarga qisqartirish va ishchi kuchini 20 foizga kamaytirish orqali inqirozdan chiqishga urinmoqda.
Oʻzbekistonlik foydalanuvchilar va tadbirkorlar uchun ham ushbu yangilik ahamiyatli. PayPal uzoq vaqtdan beri mintaqamizda toʻliq funksional rejimda ishlamayotgan boʻlsa-da, Stripe bilan birlashuv global toʻlov infratuzilmasini oʻzgartirishi mumkin. Bu kelajakda Markaziy Osiyo bozorlariga yangi va yanada moslashuvchan moliyaviy yechimlar kirib kelishiga zamin yaratishi ehtimoldan xoli emas.
Hozircha PayPal, Stripe va Advent International vakillari ushbu xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berishdan tiyilmoqda. Ekspertlarning fikricha, bunday ulkan kelishuv monopoliyaga qarshi kurashuvchi organlar tomonidan jiddiy tekshiruvlarga sabab boʻlishi mumkin, chunki ikki gigantning birlashishi raqobat muhitiga keskin taʼsir koʻrsatadi.






























Izohlar 0
…