Xitoyning COMAC C919 samolyoti yangi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi

Xitoyning COMAC C919 samolyoti yangi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi

Xitoyda ishlab chiqarilgan ilk oʻrta magistralli yoʻlovchi samolyoti — COMAC C919ʼning maxsus yuqori togʻli versiyasi oʻzining ilk sinov parvozini muvaffaqiyatli yakunladi. CCTV telekanali xabariga koʻra, Shanxay Pudun xalqaro aeroportidan osmonga koʻtarilgan havo kemasi rejalashtirilgan barcha bosqichlarni muvaffaqiyatli bajarib, yangi modifikatsiyani yaratish yoʻlidagi muhim bosqichni bosib oʻtdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Mazkur yuqori togʻli modifikatsiya standart C919 bazasida ishlab chiqilgan boʻlib, u togʻli hududlardagi murakkab sharoitlarda xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Muhandislar bunday sharoitlar talablariga toʻliq javob berishi uchun samolyotning ayrim tizimlari hamda fyuzelyaj konstruksiyasini qayta ishlab chiqishdi.

Nega yuqori togʻli versiya muhim?

Maʼlumki, baland togʻli aeroportlarda havo dengiz sathiga nisbatan ancha siyrak boʻladi. Bu esa oʻz navbatida dvigatellar samaradorligi va samolyotning umumiy aerodinamik xususiyatlarini sezilarli darajada pasaytiradi. Shu sababli ham bunday ogʻir sharoitlarda ishlay oladigan havo kemalari maxsus moslashuvchanlikni talab qiladi.

Hozircha COMAC kompaniyasi yangi versiyaning texnik tavsilotlari hamda uning tijoriy foydalanishga topshirilish muddatlarini oshkor etgani yoʻq. Shunga qaramay, ushbu loyiha Xitoy aviatsiyasi uchun strategik ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlanmoqda.

Xitoyning geografik xususiyatlari

ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Xitoy dunyoda yuqori togʻli aeroportlar soni boʻyicha yaqqol yetakchi hisoblanadi. Mamlakatda dengiz sathidan kamida 1524 metr balandlikda joylashgan 43 ta fuqarolik aeroporti mavjud boʻlib, ulardan 2438 metrdan balandda 23 tasi faoliyat yuritadi.

Ushbu aeroportlarning aksariyati Tibet togʻligi va gʻarbiy viloyatlarda joylashgan boʻlib, murakkab relef maxsus texnologiyalarni talab qiladi. Qizigʻi shundaki, nafaqat Xitoyda, balki butun dunyoda eng baland aeroport hisoblangan Daochon Yadin Syuan provinsiyasida joylashgan boʻlib, uning balandligi dengiz sathidan 4411 metrni tashkil etadi.

Eslatib oʻtamiz, COMAC C919 havo kemasi Airbus A320 va Boeing 737 modellariga asosiy raqobatdosh sifatida yaratilgan. Samolyot 158 nafardan 192 nafargacha yoʻlovchini tashish hamda 5555 kilometrgacha boʻlgan masofaga parvoz qilish imkoniyatiga ega. 2023-yilda oʻzining ilk tijoriy parvozini amalga oshirgan ushbu layner hozirda bir qator mahalliy aviakompaniyalar tomonidan foydalanib kelinmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar