Oracle kompaniyasining kredit xavfi oxirgi 18 yildagi eng yuqori darajaga chiqdi

Oracle kompaniyasining besh yillik kredit defolt svopi iyul oyida taxminan 2,03 foiz punktigacha ko'tarilib, so'nggi 18 yilga yaqin davrdagi eng yuqori darajaga yetdi. S&P Global Ratings kompaniyaning uzoq muddatli emitent reytingini BBB dan BBB- ga, qisqa muddatli reytingini esa A-2 dan A-3 ga tushirdi.
Sunʼiy intellekt infratuzilmasini kengaytirishga yoʻnaltirilgan ulkan investitsiyalar fonida Oracle kompaniyasining defoltga qarshi sugʻurta qiymati soʻnggi oʻn sakkiz yilga yaqin davrdagi eng yuqori choʻqqiga chiqdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, iyul oyida kompaniyaning besh yillik kredit defolt svopi (CDS) taxminan 2,03 foiz punktigacha qimmatlashgan. Bu oʻzgarish S&P Global Ratings agentligi korporatsiyaning uzoq muddatli emitent reytingini BBB dan BBB- darajasiga tushirgani ortidan yuz berdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mazkur pasayish reytingni spekulyativ darajadagi koʻrsatkichdan faqatgina bitta pogʻona yuqorida qoldirmoqda. Shuning bilan birga, S&P Oracleʼning qisqa muddatli reytingini A-2 dan A-3 ga tushirgan va kompaniya boʻyicha barqaror prognozni saqlab qolgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, CDS koʻrsatkichining oshishi darhol defolt yuz berishini anglatmaydi, biroq investorlar kompaniya qarz majburiyatlariga egalik qilish uchun koʻproq tavakkalchilik kompensatsiyasini talab qila boshlaganini koʻrsatadi.
Moliyaviy koʻrsatkichlar va ulkan shartnomalar
Bozor munosabatlarining qayta koʻrib chiqilishiga Oracle bulut biznesining jadal oʻsishi va uni kengaytirish uchun sarflanayotgan yuqori xarajatlar sabab boʻlgan. 2026-moliyaviy yilning yakuniy natijalariga koʻra, kompaniya daromadi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga oshib, 19,2 milliard dollarni tashkil etgan. Xususan, bulutli yoʻnalish daromadlari 47 foizga oʻsib, 9,9 milliard dollarga yetgan boʻlsa, bulut infratuzilmasidan tushgan tushum naq 93 foizga koʻpaygan.Shu bilan birga, Oracle hali moliyaviy hisobotlarga toʻliq kiritilmagan tuzilgan shartnomalar hajmi boʻyicha ulkan natijalarni qayd etgan. Maʼlum boʻlishicha, bunday kontraktlar hajmi bir yil ichida 363 foizga oshib, 638 milliard dollarga yetgan. Biroq, sunʼiy intellekt infratuzilmasini barpo etish va rivojlantirish juda katta miqdordagi kapital qoʻyilmalarni talab qilmoqda.
Investitsiyalar va kelgusidagi xatarlar
Bulutli quvvatlarni kengaytirishga qilingan ulkan investitsiyalar sababli Oracle 2026-moliyaviy yilni minus 23,7 milliard dollarlik erkin pul oqimi bilan yakunladi. Bir yil davomida kompaniya 43 milliard dollar miqdorida qarz mablagʻlarini va 5 milliard dollar kapitalni jalb qilgan. Shuningdek, 2027-moliyaviy yilda qarz hamda aksiyadorlik instrumentlari orqali yana 40 milliard dollarga yaqin mablagʻ jalb qilish rejalashtirilgan.Hozirgi kunda Oracle uchun asosiy muammo bulutli quvvatlarga talab yoʻqligi emas, balki maʼlumotlar markazlarini qurishni doimiy moliyalashtirish zarurati sharoitida ulkan shartnomalar portfelini real daromadga aylantira olish qobiliyatidir. Qarz mablagʻlari qiymatining oshishi kengayish jarayoni iqtisodiyotiga oʻz taʼsirini koʻrsatishi mumkin, garchi kompaniya bulutli biznesida oʻsish surʼatlarini saqlab qolayotgan boʻlsa ham.
Korxona mijozlari uchun bu holat avvalo yagona bulut infratuzilmasi yetkazib beruvchisiga bogʻlanib qolish uzoq muddatli xatarlarini hisobga olish zarurligini anglatadi. Bulutli provayderlar bilan tuziladigan yirik shartnomalar nafaqat narx va unumdorlikni, balki quvvatlarni ishga tushirish muddatlarini, xizmat barqarorligini hamda muqobil yechimlarga oʻtish imkoniyatlarini ham chuqur baholashni talab etadi.






























Izohlar 0
…