13:59 / 06.09.2017
6 007

Galaxy Note 8’ning iPhone’larda yo‘q 8 jihati

Galaxy Note 8’ning iPhone’larda yo‘q 8 jihati
Samsung’ning uzoq kutilgan Galaxy Note 8 fableti yaqinda taqdim etildi. Endi dunyo bo‘ylab ko‘pchilik ko‘z tikib turgan yana bir inqilobiy qurilma – iPhone 8 (yoki iPhone Edition) taqdimoti 12 sentyabrda bo‘lib o‘tadi.

«Populyarnaya mexanika» sayti Samsung’ning ushbu devaysida mavjud bo‘lgan, ammo asosiy raqobatchi – iPhone’ning hech bir modelida uchramaydigan jihatlarni sanab o‘tgan. Keling, ularga biz ham bir nazar solamiz.

1. Qo‘shimcha xotira kartasi uchun slot.

Galaxy Note 8 devaysining ichki xotirasi shundoq ham chakki emas – 64 gigabayt. Lekin unga yana 256 GB hajmli xotira kartasini ham qo‘ysa bo‘ladi. iPhone’larning istalgan modeli esa faqatgina doimiy xotiradan foydalana oladi.

2. Live Message.

Samsung’ning so‘nggi fableti funksiyalarini qulay boshqarish hamda unda yozish uchun o‘zining maxsus stilusidan foydalanish imkoni mavjud. Galaxy Note 8’ning shunaqa qiziq funksiyalaridan biri esa Live Message hisoblanadi. Uning yordamida siz ekranda xabarni yozasiz, yozganingiz animatsiyalangan GIF-suratga aylanadi va ijtimoiy tarmoqlarga jo‘natiladi.

3. Ko‘z yoy pardasi skaneri.

Ha, Samsung smartfonida bu datchik bor, «Olma» mahsulotlarida esa yo‘q. Blokdan chiqarishning mazkur usuli barmoq izi yoki koddan ko‘ra osonroqdir.

4. Simsiz quvvatlash.

Aytishlaricha, iPhone 8 modelida ham ushbu texnologiya joriy etilar emish. Ammo hozircha Samsung bu borada ham Apple’dan oldinda.

5. Samsung DeX Station.

Bu – Samsung Galaxy Note’ni bir lahzadayoq statsionar kompyuterga aylantirishga imkon beruvchi dok-stansiyadir. Ya’ni, uning yordami bilan fabletni oddiy monitorga va klaviaturaga ulaysiz; shu bilan birga, qurilmada Android’ning desktop versiyasi o‘z-o‘zidan ishga tushib ketadi. iPhone’ni esa televizorga ulash mumkin, ammo unda xuddi oddiy kompyuterdagi singari ishlab bo‘lmaydi.

6. Kengaytirilgan optik barqarorlashtirish.

Note 8 kamerasidagi har ikkala linza ham optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Ayfonning esa bittagina linzasida bunday imkoniyat bor. Bu omil suratning sifatiga yaqqol ta’sirini ko‘rsatadi.

7. «Yuvib tashlash» effekti.

Samsung fabletida rasmlarda suratga olishdan oldin ham, keyin ham orqa fonga «yuvilganlik» effektini berish mumkin. iPhone esa bunday imkoniyatga ega emas.

8. Bir vaqtning o‘zida ekranda ikkita ilova ishlashi.

Galaxy Note’ning ham, iPhone’ning ham displeylari yetarlicha katta diagonalga ega. Lekin shu ekranda bir vaqtning o‘zida ikkita dasturni ochib qo‘yib ishlatish imkoniyati faqatgina Samsung fabletida mavjud. Apple qurilmalarida esa bir vaqtda ekranda faqat bittagina ilovani ochib foydalanish mumkin, ikkinchisi yig‘ilgan holda – orqa fonda turadi.

Tabiiyki, Samsung Galaxy Note’ning yuqorida sanab o‘tilgan ustunliklari ayni hozirgi kunlar uchun dolzarbdir. Apple’ning yaqin kunlar ichida taqdim etiladigan modeli, balki, bulardan tashqari afzalliklarga ham ega bo‘lar. Barchasiga birinchilar qatorida guvoh bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang!

Manba: «Terabayt»

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Galaxy Note 8’ning iPhone’larda yo‘q 8 jihati