14:48 / 28.03.2018
3 829

Nega startaplar Amerikada to‘planadi?

Nega startaplar Amerikada to‘planadi?
Har oyda AQShda yarim millionta yangi startap paydo bo‘ladi.
Foto: «ForumDaily»

Startaplar klasterlar (o‘zaro bog‘langan tashkilotlar — kompaniyalar, korporatsiyalar, universitetlar, banklar va hokazo) tomonidan tashkil etiladi. Bunday klasterlar «Kremniy vodiysi» va Bostonda sanoqsiz, Chikago va Mayamida kamroq. Startaplarni rag‘batlantirish yaxshi, biroq ular paydo bo‘ladigan muhitni yaratish bundan ham muhim.

Bu muhitning retsepti oddiy — shahardan uncha uzoq bo‘lmagan ajoyib universitet. Agarda bunday sharoit AQShda yaratilsa, startaplar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek hamma yoqni bosib ketadi. Boshqa mamlakatlarda-chi? Ularda ham "Kremniy vodiysi"ni barpo etsa bo‘ladimi?! Ha, albatta, hatto oshig‘i bilan. Biroq... buning uchun avvaliga nega startaplar nuqul Amerikaga intiladi, degan savolga javob berib ko‘raylik-chi.

Pol Grem — amerikalik tadbirkor, essenavis, dasturchi. Dasturlash bo‘yicha qator kitoblar yozgan. Keyinchalik «Yahoo Store»ga aylantirilgan «Viaweb» dasturiy ta’minoti mualliflaridan biri.

«BusinessWeek» jurnali 2008 yili Pol Gremni internetdagi eng ta’siri katta 25 inson ro‘yxatiga kiritgan.

Quyida sizga Pol Gremning «Nega startaplar Amerikada to‘planadi?» («Why Startups Condense in America») essesi qisqartirilgan tarjimasini taqdim etyapmiz. Unda nega dunyoning eng zo‘r dasturchilari, axborot texnologiyasi sohasi bilimdonlari aynan AQShga intilishmoqda degan savolga baholiqudrat javob topishga uringan muallif o‘z shaxsiy qarashlari, kuzatuvlari, tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

Muhojirlar uchun ochiq yo‘llar
Agarda Kaliforniyadagiga o‘xshash «Kremniy vodiysi»ni Yaponiyada qurishmoqchi deyishsa — ishonmasdim. AQShning g‘arbida — San-Fransisko va San-Xose oralig‘ida yashovchilarning yarmi inglizchada aksent bilan gapiradi. Nimaga shama qilayotganimni tushungandirsiz, yaponlar esa immigratsiyaga qarshi. Demakki, ular qurajak «Kremniy vodiysi»da faqat yaponlar yashaydi. Bir narsaga aniqlik kiritib olaylik, «Kremniy vodiysi» — aqlli va yuksaklikka intilgan insonlar uchun. U yerga hech kimni kiritmasdan, hech narsani qurib bo‘lmaydi.

Mamlakat boy bo‘lsa
Vaqti kelib Hindistonda «Kremniy vodiysi»ga munosib raqobatchi paydo bo‘lsa ehtimol. Bu mamlakatda bilimdon mutaxassislar juda ko‘p, Amerikadagi «Kremniy vodiysi»da faoliyat ko‘rsatayotgan hindlarning salmog‘i ham bunga shohidlik beradi. Hindistonning muammosi shundaki, hamon qashshoqlari ko‘p.

Har oyda AQShda yarim millionta yangi startap paydo bo‘ladi.

AQSh ko‘chalari qashshoqlar bilan hech qachon to‘lib-toshmagan. Okeanortida qashshoqlikdan birdaniga rivojlangan axborot texnologiyalari jamiyatiga o‘tish tajribasi ham yo‘q. Bu tushunchalar bir-biri bilan chiqishib keta oladimi, ya’ni «kremniy vodiylari» yaratish uchun muayyan boshlang‘ich farovonlik darajasi kerak bo‘ladimi? Mana shu savol ochiq qolmoqda.

Erkinlik kerak
O‘z «Kremniy vodiysi»ni barpo etishni istayotgan mamlakatlardan biri bu, shubhasiz, Xitoy.

Ular o‘zlarida chet ellarda o‘ylab topilgan tovarlarni ishlab chiqaruvchi ko‘plab zavodlarni qurishyapti, ammo bevosita g‘oyalar ustida ishlovchilarni ham jalb etisha olisharmikan?! Ular bu mamlakatda qanchalik erkin fikrlay olishadi? Tasavvur noodatiy g‘oyalarni tug‘diradi, g‘ayriodatiy texnologik g‘oyalar esa ko‘pchilikka boshda ma’qul kelavermaydi.

Amerika universitetlari yaxshiroq
«Kremniy vodiysi»ni barpo etish uchun juda yaxshi universitet kerak — Amerika Qo‘shma Shtatlardan tashqarida ularning soni hozircha ko‘p emas. Yevropaning eng nufuzli universitetlari qaysilar? Tanish professorlarimdan so‘rasam: «Kembrij», — deyishdi, uyog‘iga o‘ylanib qolishdi... Tan olaylik, AQSh universitetlari bilan bellasha oladigan xorij universitetlari juda kam (ayniqsa, texnika yo‘nalishida). Nega?

Ayrim mamlakatlarda bu maqsadli siyosat mahsuli. Germaniya va Gollandiya hukumatlari o‘z mamlakatlaridagi barcha universitetlarda ta’lim darajasini tenglashtirishga urinishmoqda. Oqibatda nima bo‘lyapti? Eng yaxshi o‘qituvchilar turli universitetlarga sochib yuborilgan (hamma taniqli professorlar bir joyda to‘plangan AQSh universitetlaridan farqli o‘laroq). Umuman olganda yomon emas, biroq ma’lum bir yo‘nalishda kuchli bilim olishga intilganlar qayerga borishlari kerak?! Chet ellarda nom qozongan nemis universitetlarini sanab bera olasizmi? Holbuki, XX asrning 30-yillarigacha dunyodagi eng zo‘r universitetlar Germaniyada edi.

Amerika universitetlari o‘rtasidagi raqobatning asosiy sabablaridan biri shuki, ularning aksariyati xususiy. Bu jihatni alohida e’tiborga olish kerak.

Mehnat qonunlari — startaplarga zidmi?
Aholining bandligini ta’minlash masalasi — o‘ylashimcha, Yevropada startaplar tuzish yo‘lidagi katta to‘siqlardan biri bo‘lib turibdi. Mehnat to‘g‘risidagi o‘ta qattiqqo‘l qonunlar kompaniyalar faoliyatiga ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti, masalan, xodimni ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq jarayonlar ortiqcha daromadi bo‘lmagan startaplar uchun og‘ir masala. Chunki ularda har kim o‘z ishini qoyillatib bajarishi shart.

AQShda biznesni yo‘lga qo‘yish uchun 6 kun ketadi. Statistikaga ko‘ra, kompaniyalarning 18 foizi birinchi urinishdayoq oyoqqa turib ketadi, startaplarning 69 foizi esa kamida ikki yil «yashaydi».

Ammo gap bunda ham emas. Bilamizki, barcha sohalar va mamlakatlarda ishlab chiqarish unumdorligi va ish o‘rni barqarorligi o‘rtasida proporsional bog‘liqlik bor. Bilamizki, masalan, har bir film suratga olinganidan so‘ng aktyorlar va rejissyorlar «ishdan bo‘shatiladi», shuning uchun ham har safar ular borini berishga intilishadi. Professional sportchilar ham ikki-uch safar ketma-ket yomon o‘ynashsa, zaxira o‘rindig‘ida qolib ketishlarini yaxshi anglashadi. Endi tanganing ikkinchi tomoniga qaraylik, masalan, AQShda haydovchilar, o‘qituvchilar, amaldorlarni ishdan bo‘shatish deyarli mumkin emas. Bu yerda ishlab chiqarish unumdorligi va barqarorlik o‘rtasidagi bog‘liqlik shunchalik ayonki, uni faqat ko‘zni yumibgina ko‘rmaslik mumkin.

Mehnat unumdorligi muhim emas dedingizmi? Unda haydovchilar va o‘qituvchilar aktyor va sportchilardan baxtliroq ekanda?!

Tosh-tarozi
Agar biznes qonunlar bilan bog‘lab tashlanarkan, bilingki, yangi tug‘ilayotgan startaplar oyoq-qo‘lini ham bog‘lab tashlagan bo‘lamiz. Axir startapchilar aksariyat qonunlarni bilishmaydi, ularni o‘rganishga, to‘g‘risi, vaqtlari ham yo‘q.

Aksariyat startaplar biznes yuritish qonunga zid sharoitda paydo bo‘lgan. Masalan, «Hewlett-Packard», «Apple» va «Google»ning birinchi ofislari garajlar edi. Ayrimlar esa bevosita muassislarning kvartiralarida ishlashardi. Tasavvur qiling-a, Hyulett bilan Pakkard Shveysariyada yashashganida va o‘z garajlarida elektronika yig‘ishga kirishganida mahalliy hokimiyatga qo‘shni kampirdan tushgan shikoyat sababli ularning faoliyatiga nuqta qo‘yilgan bo‘lardi.

Statistikaga ko‘ra, AQShda startaperlarning 82 foizi loyihalariga o‘zlarining, oilasi va do‘stlarining sarmoyalarini tikishadi. 16 foiz holatda banklarga, 2 foiz holatda boshqa manbalarga murojaat qilinmoqda.

Ammo eng katta muammo — kompaniyani ta’sis etishga ketadigan mablag‘. 90-yillar boshlarida o‘z ishini boshlagan germaniyalik do‘stim ne ko‘z bilan ko‘rsinki, firmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan boshqa talablardan tashqari, ustav kapitali uchun 20 000 dollar kiritishi kerak ekan. Nega men ushbu maqolani «Apfel» («Apple»ning nemischa talqini) noutbugida yozmayotganimning sabablaridan biri ham shu. Jobs va Voznyak buncha pulni topisha olmasdi: ularning kompaniyasi eski «Volkswagen» mikroavtobusi va HP kalkulyatorini sotishdan moliyalashtirilgan.

Xorijga chiqish shart
Startapning taqdiri ko‘p jihatdan dastlabki mahsulotni ishlab chiqishga bog‘liq. Uch yuz milliondan ortiq aholiga ega AQShda mahsulotni pullash osonroq, biroq, masalan, Shvetsiyada faqat ichki bozor bilan cheklanish naf bermaydi. Kichik mamlakatlarda yuzaga kelayotgan startaplar zimmasidagi yuk zalvorliroq: ularda albatta tashqi bozorga chiqish rejasi bo‘lishi shart.

Yevropa Ittifoqining tuzilishi qisman shu maqsadlarga: yagona ulkan ichki bozorni shakllantirishga xizmat qilishi kerak edi. Biroq muammo shundaki, YeI a’zolari turfa tillarda so‘zlashadi.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Nega startaplar Amerikada to‘planadi?