17:34 / 14.11.2018
4 556

1 dekabrdan O‘zbekistonda internet tezligi 10 barobarga oshishi va’da qilindi

1 dekabrdan O‘zbekistonda internet tezligi 10 barobarga oshishi va’da qilindi
Shu yilning dekabr oyidan internet tezligi 10 barobarga oshirilishi kutilmoqda, deb yozadi Kun.uz nashri.

O‘tgan yili prezidentning parlamentga Murojaatnomasida kelgusi yilda internet tezligi 2,5 barobarga oshirilishi haqida aytilgan.

Joriy yilning yanvar oyida ham Shavkat Mirziyoyev dekabr oyidan boshlab O‘zbekistondagi xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanligi 8-10 barobarga oshirilishi lozimligi haqida gapirib o‘tgan edi.

O‘zA internet tezligining 10 barobar oshirilishi bilan bog‘liq savol bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga murojaat qildi. Vazirlik internet tezligi masalasi bilan “O‘zbektelekom” AK shug‘ullanishini bildirdi.

“O‘zbektelekom” AK mas’ul xodimi Yunus Kamolovning javob berishicha, shu yilning 1 dekabr sanasidan O‘zbekistonda internet tezligi aynan prezident aytganidek, 10 barobarga oshiriladi. Hozirda texnik ishlar yakuniga yetkazilmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalarda internet 10 barobarga tezlashishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni «O‘zbektelekom» kompaniyasining yangi direktori tayinlangandi. Nazirjon Hasanov «O‘zbektelekom» bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchiga aylandi. U kompaniyada bir yil ichidagi uchinchi direktor bo‘ldi.

Biroq, kompaniya rahbariyatidagi o‘zgarishlarga qaramay, O‘zbekistonda oktyabr va noyabr oylarida internet sifati ancha yomonlashdi. Shu bilan birga, hozirgi kunda Facebook va YouTube'ga kirish bilan bog‘liq muammolar hamon kuzatilmoqda. Foydalanuvchilarning aksariyati VPN’dan foydalanishga majbur bo‘lyapti.

Joriy yilning sentyabr oyi oxirlarida O‘zbekistonda «O‘zbektelekom» monopoliyasi cheklanishi haqida xabarlar tarqaldi. Davlat rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda barcha provayderlar uchun xalqaro tarmoqlarga bevosita kirishni erkinlashtirish rejalashtirilmoqda. Prezident Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2020 yil 1 yanvargacha «barcha operatorlarga xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga bevosita ulanishni erkinlashtirish imkonini beradigan» normativ huquqiy hujjatni tayyorlash vazifasini topshirdi. Bu «foydalanuvchilarga Internetdan foydalanish narxini pasaytirish» imkonini beradi.

Speedtest.net internet-servisi ma’lumotlariga ko‘ra, mobil internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston 124 o‘rindan 110-o‘rinni egalladi. Sim orqali ulanuvchi internet tezligida mamlakat 130 o‘rindan 118-pog‘onadan joy olib turibdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » 1 dekabrdan O‘zbekistonda internet tezligi 10 barobarga oshishi va’da qilindi