23:53 / 20.05.2021
3 481

O‘zbekiston internet tezligi bo‘yicha jahon reytingida yana ko‘tarildi


O‘zbekistonning internet tezligi bo‘yicha jahon reytingida o‘rni yuqorilab bormoqda. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, Ookla kompaniyasi Speedtest.net servisining 2021 yil aprel oyi natijalariga oid yangi ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekistonning mobil internet tezligi yaxshilangan.

Bir yil ichida O‘zbekiston simli internet tezligi bo‘yicha 1,5 barobarga (51,8 foizga) o‘sganligi qayd etilgan (ya’ni 2020 yil aprel holatiga ko‘ra 25,82 Mbit/sekunddan 2021 yil aprel holatiga ko‘ra 39,2 Mbit/sekundgacha). So‘nggi uch yil ichida esa O‘zbekistonda simli internet tezligi uch barobarga o‘sgan.

Mobil internet tezligi bo‘yicha ham ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan. 2021 yil aprel oyi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston yana to‘rtta pog‘onaga ko‘tarilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mobil internet tezligi 9,68 Mbit/sekunddan (2020 yil aprel holatiga ko‘ra) 17,28 Mbit/sekundgacha o‘sgan (2021 yil aprel holatiga ko‘ra). Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich 78,5 foizga ko‘tarilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tashqi internet kanalining tezligi soniyasiga 1800 Gbitga yetkazilishi ma’lum qilingandi. Loyihaning texnik-iqtisodiy parametrlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 apreldagi qarori bilan qabul qilingan, ammo hujjatda loyihani amalga oshirish muddati ko‘rsatilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekiston internet tezligi bo‘yicha jahon reytingida yana ko‘tarildi