16:28 / 07.02.2023
1 172

Buyrak muammolarini ko‘rsatadigan 6 ta xavfli alomat

Buyrak muammolarini ko‘rsatadigan 6 ta xavfli alomat
“Buyraklar ishlamay qolganda Borjomi ichishga kech bo‘ldi” degan hazilomuz iborani eshitganmisiz? Buyraklar kasalligining rivojlanishini faqatgina tibbiy choralarning kompleks majmuasi bilan to‘xtatish mumkin. Xo‘sh, o‘zi buyrak qanday organ? Va u qanday vazifa bajaradi?

Ma’lumki, buyraklar qorin bo‘shlig‘ida umurtqa pog‘onasining pastki orqa darajasida ikkala tomonda joylashgan juft organlardir. Buyrak funksiyasi ortiqcha suyuqlik va metabolizm chiqindilarini chiqarib yuborish bilan cheklangan, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Aslida, buyraklar butun bir organizmning to‘liq ishlashida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan va u uchun ko‘plab hayotiy jarayonlarga javobgar bo‘lgan organdir. Keling, quyida asosiylarini ko‘rib chiqaylik:

Buyraklar kaliy tuzi, xlor, vodorod, kalsiy, magniy va bikarbonatlar kabi minerallar, boshqa kimyoviy moddalarni tartibga soladi. Aynan buyrak organizmdagi suyuqlikning optimal tarkibini saqlaydi. Patologiya holatida yuqoridagi moddalarning konsentratsiyasi nomutanosib bo‘lib qoladi, bu esa yurak ritmining buzilishiga, mushaklari faoliyatining o‘zgarishiga, suyaklar, tishlarning yomonlashishiga va boshqa salbiy oqibatlarga olib keladi.

Turli gormonlar (renin, aldosteron, angiotenzin, prostaglandin va boshqalar) ishlab chiqarilishi, organizmdagi suv va tuzning tartibga solinishi ham bevosita buyraklar faoliyatiga bog‘liq.

D vitamini buyraklar tufayli gormonal shaklga aylanadi va faollashadi, bu esa oziq-ovqat tarkibidagi kalsiy so‘rilishini, suyaklar va tishlarning normal o‘sishini ta’minlaydi.

Gemoglobin darajasi ham bevosita buyraklar ishiga bog‘liq, chunki eritropoyetin aynan shu organlarda sintezlanadi — qizil qon tanachalari yoki eritrotsitlar ishlab chiqarish uchun javob beradigan gormon. Buyrak kasalligi bilan uning ishlab chiqarilishi kamayadi, bu anemiyaning asosiy sababiga aylanadi.

Organizmda buyrak funksiyasining xilma-xilligi tufayli uning buzilishi belgilari nihoyatda o‘ziga xos emas. Keling, quyida asosiy alomatlar xususida to‘xtalamiz.

Og‘riq hissi

Foto: Marie Claire
Odatga ko‘ra og‘riq organizmdagi noxush jarayonlarning birinchi signalidir. Aksariyat hollarda bu buyrak patologiyasiga xos emas. Istisno bor: buyrak va siydik yo‘llarining mexanik tirnalishi bilan bog‘liq bir qator kasalliklar (bularga urolitiyoz, polikistik kasallik va boshqa ba’zi kasalliklar kiradi) kuzatilganda alomati og‘riq bilan namoyon bo‘ladi.

Kistalar yoki buyrak toshlarining harakatidan kelib chiqadigan mexanik bosim chidab bo‘lmas og‘riqlarga olib keladi. Yuqoridagi tashxislarni tasdiqlash va buyrak sohasidagi og‘riqlar sababini aniqlash uchun buyraklarni ultratovush tekshiruvi o‘tkazish va umumiy siydik tahlili kabi minimal klinik va instrumental tekshiruvlar yetarli hisoblanadi. Buyrak funksiyasining pasayishi oqibatida buyrak yetishmovchiligining rivojlanishi og‘riq bilan birga kelmaydi.

Shishlar

Shish — buyrak faoliyati buzilishining eng keng tarqalgan belgilaridan biri. Ularning lokalizatsiyasi yuz sohasi, ayniqsa, ko‘z qovoqlari, shuningdek, qo‘l-oyoqlarda tez-tez namoyon bo‘ladi. Shishning darajasi deyarli sezilmaydigan darajadan og‘ir holatga ham o‘tishi mumkin. O‘zgaruvchanlik ba’zan yurishga xalal beradi.

Buyrakdagi muammo yomonlashgani sababli, shish sindromi tobora kuchayib boradi. Kuchli shishning to‘satdan paydo bo‘lishi ko‘plab buyrak kasalliklarining boshlanishiga xosdir. Ammo shishlar ham buyrak patologiyasining aniq o‘ziga xos belgisi emas. Buyrak yetishmovchiligining oxirgi bosqichida ham shishish kuzatilmasligi mumkin. Buyrak funksiyasining buzilishi bilan bir qatorda shish boshqa jiddiy kasalliklarda uchraydi. To‘g‘ri xulosa uchun to‘liq tekshiruv talab qilinadi.

Oshqozon-ichak trakti faoliyatining buzilishi va intoksikatsiya

Buyrak o‘z funksiyasini bajara olmaganda organizmda zaharli moddalar tabiiy ravishda to‘planadi. Oqibatda asta-sekin ishtaha yo‘qoladi, ko‘ngil ayniydi, qusish va oshqozon-ichak traktining boshqa ko‘plab buzilishlari namoyon bo‘la boshlaydi. Intoksikatsiya teri va shilliq qavatining qichishi ko‘rinishi bilan birga sodir bo‘ladi. Tibbiy ma’lumotsiz bunday alomatlarni buyraklar bilan bog‘lash qiyin, shuning uchun bunday belgilar paydo bo‘lsa, murakkab diagnostika va mutaxassis maslahati zarur.

Yuqori qon bosimi

Qon bosimining yuqoriligi ham buyrak kasalligidan ogohlantiruvchi alomatdir. Gipertoniyaning o‘zi buyrak yetishmovchiligi uchun xavf omili ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Shu bois qon bosimining oshishi buyraklar shikastlanishiga olib keladi. Buyrak funksiyasining buzilishi, o‘z navbatida, gipertonik kasalliklar holatini ham og‘irlashtiradi. Har qanday holatda ham qon bosimini nazorat qilish majburiydir.

Anemiya

Foto: Marie Claire
Buyraklar gematopoyez (qonda eritrotsit, leykosit va trombosit hujayralarining hosil bo‘lish jarayoni)da bevosita ishtirok etadi: aynan buyrakda eritropoetin ishlab chiqariladi, bu gormon qizil qon hujayralari ishlab chiqarilishida ishtirok etib, qondagi gemoglobinning normal darajasini ta’minlaydi. Buyraklar ishi buzilgan taqdirda eritropoyetin sintezining pasayishi anemiyaga olib keladi. Bu bir qator alomatlar bilan tavsiflanadi: holsizlik, charchoq, rangpar teri, soch to‘kilishi, tirnoqlar mo‘rtligi va boshqa alomatlar kuzatiladi.

Biroq anemiya ham buyrak yetishmovchiligining o‘ziga xos belgisi emas. Agar uzoq vaqt davomida gemoglobinning pasayishi kuzatilsa, bu buyraklar faoliyati buzilganining yagona alomatidir. Ya’ni, xarakterli xususiyat shundaki, anemiyani davolash uchun qilingan tibbiy muolaja va preparatlar samara bermaydi, bu holatda muammo buyraklar bilan bog‘liq ekanini anglatadi.

Peshob miqdori va tarkibida o‘zgarishlar

Buyrak xastaligidan shubhalansangiz, birinchi navbatda peshob davomiyligi va rangiga e’tibor bering. Ko‘pik, qon yoki boshqa aralashmalar mavjudligi darhol laboratoriya diagnostikasi va davolashni talab qiladi. Shuningdek, kunlik peshob miqdorining kamayishi buyraklarda muammo borligini ko‘rsatadi.

Xulosa

Buyraklar organizm faoliyatini tartibga solishda ishtirok etadi, buyrakdagi har qanday o‘zgarish boshqa barcha organlar va tizimlar yaxlitligining buzilishiga olib keladi.

Buyrak patologiyasini oldini olish uchun yuqoridagi belgilarning ilk bor namoyon bo‘lishi bilan shoshilinch ravishda shifokor bilan maslahatlashish, buyrak kasalliklarini istisno qilish, o‘z vaqtida davolash uchun keng qamrovli klinik va laboratoriya tekshiruvidan o‘tish zarur.

Mutaxassis xavf ostidamisiz yoki yo‘q — aniqlashga yordam beradi, shuningdek, profilaktika choralarini belgilaydi va majburiy skrining vaqtlarini belgilaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Buyrak muammolarini ko‘rsatadigan 6 ta xavfli alomat