Shoshilinch tarzda shifokorga murojaat qilishingiz kerak bo‘lgan belgilarni bilib qo‘ygan yaxshi. Tomoq og‘rig‘i yoqimsiz, ammo odatda zararsizdir. Tomoq og‘rig‘ini keltirib chiqaruvchi eng keng tarqalgan sabab: shamollash, gripp kabi respirator yuqumli infeksiyalardir. Shu bois birlamchi kasallik organizmdan chiqib ketganda tomoq og‘rig‘i kamayadi va bir necha kunda u ham butunlay tuzaladi, deb yozadi Lifehacker nashri.
Biroq tez tibbiy yordamga murojaat qilishingiz kerak bo‘lgan holatlar yo‘q emas.
Qachon shifokor huzuriga borish kerak?
Buning bir nechta ogohlantirish belgilari mavjud.
Farzandingizning tomog‘i og‘rib qolsa
Ertalab ichilgan qaynoq suyuqlikdan keyin ham og‘riq davom etsa, pediatr bilan bog‘laning.
Quyidagi alomatlarga duch kelsangiz, darhol tez yordam chaqiring:
- Og‘riq kuchliligidan bola yutina olmasa;
- Nafas olishdagi qiyinchiliklar, nafas qisilishi paydo bo‘lsa;
- G‘ayritabiiy ravishda ko‘p tupik ajralsa;
Kattalarda tomoq og‘rig‘i
Shifokor yoki otorinolaringolog bilan maslahatlashing, agar:
- Tomoq og‘rig‘i juda kuchli yoki tuzalishi bir haftadan ko‘p davom etsa;
- Ovoz xirillashi ikki haftadan ko‘pga cho‘zilsa;
- Yutinish qiyinlashsa;
- Nafas olishda og‘irlik sezilsa;
- Og‘riq tufayli og‘izni ochib bo‘lmasa;
- Bo‘yin yoki yuzning sezilarli shishishi;
- Quloqda og‘riq;
- Tupikda qon yoki yo‘talish natijasida balg‘am kuzatilsa;
- Terida toshma paydo bo‘lsa;
- Bo‘g‘inlarda ham kuchli og‘riq;
- Harorat 38,3°C dan oshganda;
Uy sharoitida tomoq og‘rig‘ini davolash
Agar yuqorida sanalgan xavfli alomatlar bo‘lmasa, shifokor qabuliga bormasdan turib, uyda davolanish mumkin. Quyida yoqimsiz holatni yengillatish uchun tibbiyot xodimlari tomonidan tavsiya etilgan usullar mavjud.
Suyuqliklarni ilitib iching
Choy, kompotlar, mevali sharbatlar, bulyon. Ushbu suyuqliklar tirnaluvchi xususiyatga ega bo‘lgan tomoq shilliq qavatini namlaydi. Shu bois ular tomoq og‘riganda yordam beradi.
Agar yo‘talayotgan bo‘lsangiz, choyga asal qo‘shishingiz mumkin. Biroq Amerikaning Mayo Clinic tadqiqot markazi mutaxassislari, ikkinchisini bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga bermaslikni tavsiya qiladi.
Oz miqdorda muzqaymoq iste‘mol qiling
Yoki mevali muz. Siz toza qor yoki muz bo‘lagini so‘rishingiz mumkin. Yax bo‘lagi shishishni kamaytiradi va yengil anesteziya ta’siriga ega.
Tuzli suv bilan tomoqni chayish
Bu tomoqni ortiqcha shilimshiq qatlamlardan tozalashga yordam beradi, shishni kamaytiradi, namlaydi va og‘riqni bosadi. Yodda tuting, bunday chayishlar olti yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tavsiya etilmaydi: bola bo‘g‘ilib qolishi mumkin.
Bir stakan iliq suvga yarim choy qoshiq oddiy osh tuzidan qo‘shing, yaxshilab aralashtiring. Eritmani yutib yubormang: g‘arg‘ara qilgach, tupurib tashlang.
Tomoq og‘rig‘i uchun tibbiy pastilkalarni sinab ko‘ring
Ular benzokain kabi og‘riq qoldiruvchi vositalarni o‘z ichiga oladi. Iste’mol qilganda yengil uyqu bosadi, tomoqning sezgirligi pasayadi. Bundan tashqari, pastilkalarni so‘rganingizda, tupik ko‘payadi. Bu tomoqning yetarlicha namlanganligini anglatadi. Shuni unutmangki, bo‘g‘ilish xavfi tufayli to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, retseptsiz sotiladigan anesteziya xususiyatiga ega bo‘lgan spreylar, tomoqni chayishga mo‘ljallangan tibbiy vositalardan ham foydalanishingiz mumkin. Ammo ularni sotib olishdan oldin umumiy amaliyot shifokori, agar gap bola haqida ketadigan bo‘lsa, pediatr bilan maslahatlashish yaxshiroqdir.
Namlagich qurilmasini yoqing
Bu kabi qurilma sizda bo‘lmasa, tokchaga ochiq idishga suv to‘ldirib qo‘ying. Issiqlik batareyasiga bir nechta nam sochiqlar iling, qurib qolgach, boshqatdan takrorlang. Qolaversa, vaqti-vaqti bilan issiq (qaynoq emas) bug‘dan nafas olishingiz mumkin.
Gap shundaki, quruq havo tomoqda tirnash xususiyati oshiradi. Nam havo esa aksincha, shilliq qavatni yumshatadi, yoqimsiz hissiyotni kamaytiradi.
Toza havodan nafas oling
Sigaret tutuni, tozalash vositalarining hidi yoki boshqa kimyoviy moddalar (bo‘yoq, lak, benzin) ham tomoqdagi tirnash xususiyatini oshirishi mumkin. Kasal bo‘lganingizda uyingizdagi havo toza bo‘lishi zarur.
Ko‘proq dam oling
Tomoq og‘rig‘i vaqt o‘tishi bilan kamayadi. Uyqu vaqtida u tezroq ketadi. Chunki bu payt organizm infeksiyaga qarshi kurashish uchun ko‘proq kuchga ega bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring