Qon-tomir muammolari butun dunyoda keng tarqalgan surunkali kasalliklar sirasiga kiradi. Ayniqsa, keyingi paytlarda ko‘pchilik insonlarda varikoz xastaligi tez-tez uchramoqda.
Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Fazlitdin Bahriddinov buning asosiy sababi, varikozning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘lishi haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur xastalikka ko‘proq ayollar moyil bo‘ladi. Buning asosiy sababi esa homiladorlikdir. Ya’ni ularda 25-45 yoshlar oralig‘ida varikoz ko‘p kuzatiladi. Qolaversa, erkaklar ham 45-50 yoshlarda ushbu kasallikka chalinishga moyil bo‘ladi.
Ma’lumki, vena qon tomirlari organizmda qon aylanishini ta’minlaydi. Biroq yuza venalarining kengayishi, klapanlarning yaroqsizligi va venoz qon oqishining buzilishi sababli venalarning varikoz kengayishi kuzatiladi.
Venalarning varikoz kengayishida bir necha bosqich farqlanadi. Ilk bosqichda ish kunidan so‘ng oyoqlarda og‘irlik va charchoq, kech tushdan keyin to‘piq, oyoq va pastki oyoqning shishi kuzatiladi. Bunday holda barcha alomatlar tungi dam olishdan so‘ng yoki faol yurishdan keyin yo‘qoladi.
Shuningdek, oyoqlarning tez toliqishi, boldir sohasida venoz tugunchalar paydo bo‘lishi, tik turganda venalarning bo‘rtib chiqishi, teri qichishishi va ekzemasimon dermatit hamda boshqa qator belgilar rivojlanadi.
Agar ularga o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, boldir sohasida trofik yaralar paydo bo‘lishi, o‘tkir tromboflebit, varikoz tugunining yorilib qon ketishi, hatto, o‘lim holati kuzatilishi mumkin.
Shifokor shu bois kasallikning dastlabki alomatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga (qon tomir jarrohiga) murojaat qilish kerakligini aytdi.
“Xastalikka chalinmaslik uchun vaznni me’yorda saqlash, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, surunkali ravishda jismoniy zo‘riqishdan va uzoq vaqt tik oyoqda turishdan himoyalanish, tor kiyim va baland poshnali poyabzal kiymaslik tavsiya etiladi”, - deya xulosa qildi mutaxassis.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring