Suv ichish organizmdagi a’zolar faoliyati, salomatlik va kayfiyatning me’yorda bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi. Suyuqlik balansining buzilishi esa turli muammolarga olib kelishi va belgilar bilan namoyon bo‘lishi mumkin.
Quruq teri
Teri organizmga suv yetishmayotganidan belgi beradi: rangi so‘lg‘in bo‘ladi, qurish kuzatiladi. Avvallari uncha bilinmagan ajinlar ko‘zga tashlana boshlaydi. Ko‘z ostidagi halqalar esa yana ham qoraroq bo‘lib ko‘rinadi. Ko‘pchilik muammoga doimiy ravishda namlantiruvchi krem surtish bilan yechim topmoqchi bo‘ladi. Ammo ko‘proq suyuqlik iste’mol qilinmasa, bundan foyda bo‘lmaydi. Qolaversa, kosmetologlar yuvinish uchun darajasi tananikidan yuqori bo‘lmagan haroratli suvdan foydalanishni tavsiya qiladi.
Charchoq
Suyuqlik miqdorining yetarli bo‘lmasligi holsizlik va charchoqqa sabab bo‘lishi mumkin. Organizmdagi suvsizlanish hisobiga arterial qon bosimi pasayib ketadi, yurak ritmi jadallashadi, miyada qon yaxshi aylanmasligi esa charchoqni keltirib chiqaradi. Shu sabab ham qahva ichishdan avval bir stakan suv ichishni esdan chiqarmang. Bu sizni tetiklashishingizga yordam beradi.
Jizzakilik
Sababsiz asabiylashish va jizzakilik sizga begona bo‘lmagan vaqtlarda bir stakan suv ichishni kanda qilmang. Kayfiyat to‘g‘ridan to‘g‘ri organizmdagi suyuqlik miqdoriga bog‘liq bo‘ladi: bir nechta o‘tkazilgan tadqiqotlarda suvning me’yordan hatto 1 foizga kam bo‘lishi ham inson o‘zini yomon his qilishiga olib kelishi aniqlangan.
Bosh og‘rig‘i
Suyuqlik yetishmasligi kuchli bosh og‘rig‘iga sabab bo‘lishi mumkin. Suvsizlanish qondagi serotonin miqdoriga ta’sir qilib, chakka sohasida og‘riq kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, bosh miyadagi mayda qon-tomirlar suvsizlanishga nisbatan tez munosabat bildiradi — me’yordan kam bo‘lsa, kuchli migren keltirib chiqarishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda, og‘riq qoldiruvchi qabul qilishdan avval ikki stakan suv ichib ko‘ring.
Mushaklar spazmi
Suv yetarli miqdorda qabul qilinmaganda qon aylanishi sekinlashishi, bu esa mushaklar spazmiga olib kelishi mumkin. Organizm mushaklardagi suyuqlik hisobiga hayot uchun muhim a’zolarning suvsizlanmasligining oldini oladi.
Shishlar
Suv yetishmaganda organizm bor suyuqlikni hujayralarda ushlab turishga majbur bo‘ladi. Bu esa qon aylanishi, moddalar almashinuvi jarayonining sekinlashishiga hamda shishlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ko‘pchilik shishlar suyuqlikning haddan ortiqligi sabab yuz beradi, deb o‘ylaydi va bu muammoga iste’mol qiladigan suyuqlik miqdorini kamaytirish bilan yechim topmoqchi bo‘ladi. Ammo bu usul teskari ta’sir ko‘rsatib, shishlarning ortishiga sabab bo‘ladi. Ushbu o‘zgarishni bartaraf qilish oson. Shifokorlar 1 kilo vazn uchun 30 millilitr, ya’ni kun davomida o‘rtacha 2—2,5 litr suv ichishni tavsiya qiladi. Choy, qahva, sharbat va limonadlar suv o‘rnini bosa olmaydi. Aksincha, organizmni suvsizlantiradi. Shu sabab ham ularni haddan ortiq darajada iste’mol qilmaslik kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring