“Qizil bo‘richa” kasalligining kelib chiqishi va undan qutulish yo‘llari haqida Milliy tibbiyot markazi Revmatologi Nodira Mamatxanova taqdim etgan ma’lumotlar bilan quyida batafsil tanishishingiz mumkin.
Dardning epidemiologiyasi yetarli o‘rganilmagan. Lekin hozirgi vaqtda u kam uchraydigan kasalliklar qatoriga kirmaydi va barcha iqlimiy-geografik hududlarda uchraydi. Xususan, tibbiy tekshiruvlar shuni ko‘satadiki, keyingi yillarda bu xastalikning uchrashi va tarqalishi ortib bormoqda.
Sistemali (tizimli) “qizil bo‘richa” xastaligi – surunkali, polisindromli – (ko‘p klinik belgili), immun kompleksli kasallik bo‘lib, bolalarda patologik jarayonning tez yoyilishi, og‘ir visseral ko‘rinishlar, yaqqol periferik sindromlar, immun tizimining kuchli shikastlanishi bilan tavsiflanadi.
Ushbu dard bilan og‘rigan qizlarning kasallanishi 90-95 foizni tashkil qiladi. Kasallik barcha yoshda boshlanishi mumkin. Lekin bemorlik 9 yoshdan boshlab, uning eng yuqori ko‘rsatgichi 12-24 yoshda ham kuzatiladi. Kasallik boshlanishida bemorlar bo‘g‘imlardagi og‘riqqa, isitmalashga, ishtahasining yo‘qligiga, uyqusining buzilishiga shikoyat qiladi. Odatda xastalik to‘satdan boshlanib, dardmand odamda qaytalanuvchi poliartrit (ko‘pgina bo‘g‘imlarning yallig‘lanishi) haroratning ko‘tarilishi, teridagi turli toshmalar, madorsizlik, ozish kabi xolatlar kuzatiladi. Kam hollarda kasallik to‘satdan boshlanib, xasta odamda yuqori harorat, terlash, bo‘g‘imlarda og‘riq va shish, yuz sohasida “kapalak”simon alomat, ichki a’zolarda poliserozit, buyraklarda esa glomerulonefrit aniqlanadi.
Bo‘g‘im sindromi – artrit sifatida kasallikning eng ko‘p uchraydigan (80-90 foiz bemorlarda) klinik belgilaridan biri bo‘lib, odatda ko‘chuvchi artlargiya (bo‘g‘imlardagi og‘riq) yoki artritlar, periartrit va kam hollarda og‘riqli kontrakturalar (harakat buzilishi) bilan turg‘un og‘riqli sindrom sifatida kuzatiladi. Asosan panjaning mayda bo‘g‘imlari, bilak va to‘piq bo‘g‘imlari, ba’zan yirik bo‘g‘imlar ham shikastlanadi. Bo‘g‘im sindromi odatda kuchli mialgiya (mushaklardagi og‘riq), miozit (mushaklar yallig‘lanishi), tendovaginit (paylar yallig‘lanishi) bilan kuzatilib, rentgenologik tekshiruvda suyaklarda epifizar osteoporoz ko‘zga tashlanadi.
Terining shikastlanishi – taxminan 2/3 qism bemorlarda aniqlanib, yuzning yanoq sohalarida va burunda ekssudativ eritemali shish, “kapalak” sindromi sifatida namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari oyoq-qo‘llar, ko‘krak qafasi terisida nospetsifik ekssudativ eritema, tananing ochiq qismlarida fotodermatoz alomatlari, yuzda, ko‘krakda, oyoq-qo‘llarda diskoidli eritema o‘choqlari aniqlanadi. Panja ichidagi mayda kapillyar (qiltomir)larning yallig‘lanishi tashxis qo‘yishda katta ahamiyatga ega bo‘lib, hozirgi vaqtda “kapalak”simon klinik belgiga teng hisoblanadi.
Bemorlarda o‘ziga xos juda ozib ketish bilan terida turli trofik buzilishlar (sochning ko‘p to‘kilishi, tirnoqlarning qiyshayishi va sinuvchanligi, terida yara-chaqa) aniqlanadi.
Shilliq pardalarning shikastlanishi – tanglayning enantemasi, og‘iz bo‘shlig‘ida aftoz stomatit (og‘iz bo‘shlig‘ining oqarib qolishi) – “qizil bo‘richa” xeyliti (lab bichilishi) bilan ta’riflanadi.
Seroz pardaning shikastlanishi – an’anaviy tashxis qo‘yishda ushbu kasallikning uchta alomati (dermatit, artrit va poliserozit) 90 foiz bemorlarda uchraydi. Ko‘pincha plevra (o‘pka pardasi), perikardni (yurak pardasi) shikastlanishi aniqlanib, odatda quruq yoki suyuqliqli serozit sifatida namoyon bo‘ladi. Serozitning klinik manzarasi: og‘riq, perikardning va plevraning ishqalanishi shovqin bilan kuzatiladi. Ammo, bu alomatlarning tez yo‘qolishga moyilligi tufayli ba’zan bu klinik belgi erta aniqlanmay, keyinchalik rentgenologik tekshiruvda ko‘rinadi.
Yurak – tomir tizimining shikastlanishi – bu kasallikka anchayin xos bo‘lib patologik jarayonga yurak pardalari birin-ketin qo‘shiladi. Perikardit – xastalikning eng ko‘p uchraydigan belgisi bo‘lib, tez o‘tib ketuvchi perikardning ishqalanishi shovqinli va yurak zarblari bo‘g‘iq eshitiladi. ExoKG yordamida perikard bo‘shlig‘ida ko‘p bo‘lmagan suyuqlikni aniqlash mumkin. Lekin bolalarda miokardit alomati ustun bo‘ladi.
Sistemali “qizil bo‘richa” xastaligi Reyno sindromida kasallikning erta alomatlaridan biri bo‘lib, 10-40 foiz bemorlarda kuzatiladi. Reyno sindromining bu dard bilan kuzatilishi jarayonning bezarar kechishini ko‘rsatadi. Lekin kasallikning rivojlanishi Reyno sindromidan boshlansa yomon oqibatga olib keladi. Bunday bemorlarda sistemali tomir jarayoni aniqlanib, qaytmas qon aylanishini buzilishlari kuzatiladi.
Buyrakning shikastlanishi – kasallikning o‘tkir kechishi ½ qism bemorlarda yugurikli buyrak xastaligi sifatida kuzatilib, xastalikning tarqalib ketish jarayonida peshobda o‘zgarishlar kuzatiladi. Ushbu a’zoning xastalanganlik belgilari aniqlanadi.
Asab tizimining shikastlanishi – avvaliga (holsizlik, tez charchash, adinamiya, serjahllik, kayfiyatning yomonligi, bosh og‘rishi yoki boshda og‘irlik hissiyoti, ko‘p terlash) kuzatiladi. Kasallik avj olganda esa bemorning asab tizimida o‘ta jiddiy o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Qon hosil qiluvchi a’zolarning shikastlanishi barcha bemorlarda kuzatiladi. Bemorning ushbu dardga yengilmasligi uchun kasallikning paydo bo‘lishi va qaytalanishiga qarshi o‘z vaqtida, to‘liq davo muolajalarini amalga oshirish zarur. Eng avvalo xastani uzoq, uzluksiz davolanishi zarurligiga ishontirib, unga quyidagilarga rioya qilishi shartligi ta’kidlanadi:
1. Agar bemor o‘zini nosog‘lom his qilsa o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishi va muntazam dispanser tekshiruvidan o‘tishi darkor.
2. Gormonal dori vositasini shifokor qat’iyan tavsiya qilingan dozada qabul qilishi lozim.
3. Xasta kishi kun tartibiga rioya qilishi hamda kunduzi 1-2 soat uxlashi muhim va parhez tuzishi zarur. Taomnomada – tuz va uglevodni cheklab, oqsil va vitaminlarga boy oziq – ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishi kerak.
4. Dardmand odam quyoshda toblanmasligi va sovuqqotmasligiga ahamiyat berish muhim.
5. Turli jarrohlik muolajalari hamda emlashlar ta’qiqlanadi.
6. Kasallik bemorni holsizlantirib qo‘ymasligi uchun himoya tartibiga rioya qilib, ehtiyotlik bilan organizmni chiniqtirishni (ertalabki badantarbiya, iliq suv bilan artinish, toza havoda uzoq sayr qilish, toliqtirmaydigan sport bilan shug‘ullanish) boshlash tavsiya etiladi.
7. O‘choqli yoki surunkali infeksiyaning qaytalanishida yotoq tartibiga rioya qilish, antibiotiklar, dessensibillovchi vositalar qabul qilish lozim.
8. Terinnig shikastlanishida quyosh nuridan himoya qilish uchun fotohimoyalovchi malhamlarni qo‘llash, yuz qizarganida teriga gormonal malham surtish shart.
Bemorga o‘z hissiyoti va qabul qilayotgan dori vositalarining dozasini qayd etib borish uchun kundalik tutib, unda barcha muolajalar haqida yoritib borish tavsiya qilinadi. Shifokor har bir bemorga yil mobaynidagi ahvolini batafsil ta’riflab beradi. Gormonal va sitostatik preparatlar qabul qilinayotgan davrda xasta doimo kardirevmatolog nazoratida bo‘lishi lozim.
Sistemali “qizil bo‘richa” xastaligini birlamchi muhofazalashda “xavf guruhiga” kiruvchi bemorlarni ajratish kerak. Avvalo, bemorlarning qarindoshlarini tekshirish zarur. Ularda kasallikning birgina alomati aniqlangan taqdirda ham xuddi bemorlardagi singari ularga ham himoyalovchi tartib tavsiya qilinadi.
Ushbu dardning oqibati oxirgi yillarda sezilarli yaxshilandi. Kasallik erta aniqlanib va muntazam davo muolajalari amalga oshirilganda 90 foiz bemorlarda kasallikning qo‘zg‘almasligiga erishish mumkin. Lekin 10 foiz bemorlarda, ayniqsa, erta kuzatiladigan lyupus-nefrit (buyrak xastaligi)da kasallik oqibati yomon bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi