So‘nggi yillarda qon-tomir xastaliklari jahon bo‘ylab keng tarqalmoqda. Ular orasida eng ko‘p uchraydigani – varikoz.
Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi bo‘lim boshlig‘i Fazliddin Bahriddinovning ta’kidlashicha, ko‘pchilik bu kasallikni faqat estetik muammo deb o‘ylaydi. Biroq o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, varikoz salomatlik uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin.
Mutaxassisning aytishicha, xastalik asosan 25–45 yoshdagi ayollarda ko‘p kuzatiladi. Bunga homiladorlik asosiy sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, erkaklarda ham 45–50 yoshlarda varikozga moyillik oshadi.
Varikozga irsiyat, uzoq vaqt tik turish, semizlik, kamharakatlik, gormonal o‘zgarishlar, endokrin kasalliklar va surunkali zo‘riqishlar kabi omillar sabab bo‘ladi.
Dastlabki bosqichda oyoqlarda og‘irlik, charchoq, shish va tez toliqish kuzatiladi. Keyinchalik vena tugunchalari, bo‘rtib chiqish, teri qichishishi, dermatit va boshqa belgilar paydo bo‘lishi mumkin. Agar kasallikka e’tibor berilmasa, tromboflebit, trofik yara yoki hatto o‘lim kabi og‘ir asoratlarga olib kelishi ehtimoldan holi emas.
Shifokorlar xastalikdan himoyalanish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, vaznni nazorat qilish, uzoq vaqt tik turmaslik, tor kiyim va baland poshnali poyabzaldan voz kechishni tavsiya qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!