11:41 / 19.08.2017
13 980

Immunitetni tabiiy yo‘llar bilan oshiramiz

Immunitetni tabiiy yo‘llar bilan oshiramiz
Immunitet organizmning kasal yuqtirmasligi va kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatidir. Immunitetni ko‘tarish esa salomatlikni mustahkamlashning bir usuli hisoblanadi. Immun tizimining zaiflashishi nafaqat ma’lum bir vitamin yoki minerallar etishmasligi, balki hayot tarzingiz va kun tartibingizning noto‘g‘ri tashkil etilishiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Biz bu borada mutaxassisga murojaat qildik. Toshkentning Yunusobod tumanidagi 51-oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokori Salimova Nargiza Ergashmurodovna so‘zlariga ko‘ra, organizmning himoya kuchlarini dori-darmonlarsiz ham oshirish mumkin. Xo‘sh, immun tizimi normal ishlashi uchun nimalar qilish kerak?

Har kuni bir vaqtda uxlashga yoting
Soat nechida ekanligidan qat’iy nazar har kuni bir xil vaqtda uxlashga o‘rganish lozim, bu tez uyquga ketib, to‘liq dam olish imkonini beradi.

Agar uxlashga ertaroq yoki kechroq yotsangiz, organizm ritmlar o‘zgarishiga moslasha olmaydi, natijada uyqu yuzaki bo‘ladi. Sutkada kamida 8 soatni uyquga bag‘ishlash lozim, zero organizm qayta tiklanishi uchun aynan shuncha vaqt zarur.

Kunni bir piyola choy bilan boshlang
Yapon olimlari tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, ko‘k yoki qora choyda mavjud moddalar shamollash virusi bilan samarali kurashishga qodir ekan. Kuniga 2—3 piyola choy etarli.

Shamollashning ilk belgilari paydo bo‘lishi bilan chora ko‘ring
Bunda xalq tabobatidan foydalanish mumkin. Maydalangan mayiz va yong‘oqqa asal hamda limon sharbati qo‘shib, aralashtiring. Ushbu aralashmani shamollashning ilk alomatlarini seza boshlashingiz bilan kuniga uch marta 1 osh qoshiqdan iste’mol qiling.

Bundan tashqari, na’matak qaynatmasiga asal qo‘shib, ichib turish ham shamollagan vaqtda katta samara beradi.

Etarlicha suv iching
Organizmning katta qismi suvdan iborat bo‘lganligi tufayli, u har kuni ma’lum miqdordagi suvga ehtiyoj sezadi. Olimlar ushbu me’yorni 8 stakan deb belgilagan. Suvsizlanish natijasida organizmning asosiy funksiyalari, jumladan infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyati susayadi.

Tozalikka rioya qiling
Kun davomida iflos yuzalar va buyumlarga ko‘p qo‘l tekkizamiz, xuddi shu qo‘llar bilan burun va ko‘zlarimizni ishqalaymiz. Natijada mikroblar burun va ko‘z shilliq pardalari orqali organizmga kiradi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun esa qo‘llarni tez-tez yuvib turish zarur.

Bundan tashqari, ovqatlanish rasioningizga quyidagi ozuqalarni kiriting:

Oqsilga boy mahsulotlar: go‘sht, baliq, dukkaklilar. Go‘sht va baliqni har kuni, no‘xat yoki loviyani esa haftada 1—2 marta iste’mol qilish lozim.

Meva-sabzavotlar: sabzi, lavlagi, karam, sarimsoq piyozdan tortib, anor, mayiz, olmagacha.

Tarkibida kaliy bo‘lgan mahsulotlar: kartoshka, o‘rik, yong‘oq, grechka va so‘li yormalari.

Qatiq mahsulotlari: qatiq va yogurtlar interferon ishlab chiqarilishini kuchaytiradi, shuning uchun ularni tez-tez tanovvul qilish, hattoki salat va ovqatlarga qo‘shib ichish tavsiya etiladi.


Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Immunitetni tabiiy yo‘llar bilan oshiramiz