23:43 / 13.09.2018
5 873

Buyuk Nabaviy koʻrsatma

Buyuk Nabaviy koʻrsatma
Ayrim kishilar ogʻizlaridan noxush hid anqib turishidan shikoyat qilishadi. Mutaxassislar ogʻiz boʻshligʻining yalligʻlanishi, tishlarning chirishi, yaxshi oʻrnatilmagan protezlar, kechasi olinmaydigan sunʼiy tishlar, milkdan ajralma chiqishi, ovqat qoldiqlarining burmalarda yigʻilishi hamda tozalikka eʼtiborsizlik kabilarni bunday noxushliklarga sabab boʻlishini taʼkidlashadi.

Ogʻizdagi mana shu yomon hiddan qutulmoqchimisiz?

Quyidagi fikrlar aynan shu muammoni bartaraf etishda asqotadi deb umid qilamiz.

Shifokorlar oʻrganishlar natijasida ogʻizdan yomon hid kelishining yuqoridagi sabablari qatorida yana bir asosiy sababini aniqladilar. Ular “Ogʻizdan yomon hid kelishiga eng koʻp sabab til yuzasidagi qoldiqlardir” deyishyapti. Ushbu qoldiqlar bakteriyalardan iborat boʻlib, ovqat qoldiqlarini parchalovchi xususiyatga ega. Ana shu parchalash jarayonida ogʻizdan yomon hid keladi.

Tish shifokorlari “Bu muammoning yechimi – ogʻizda qolgan ovqat qoldiqlaridan xalos boʻlishdir” deyishyapti.

Jumladan, AQSHning Ogayo shtatidagi klinikilardan birining vrachi doktor Filip Shrayden “Tilga qoʻshimcha ravishda tishlaringni ham choʻtka yoki ip bilan tozala. Shunda sogʻlik va tozalik boʻladi” deydi.

Bu aytilganlardan maʼlum boʻldiki, tish bilan bir qatorda tilni ham tozalash ogʻizdagi mikroblarni va yomon hidni yoʻqotish uchun eng afzal yoʻldir. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bizga aynan shu uslubni tavsiya qilgan edilar. Keling, mana bu hadisga quloq tutaylik:

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirdim. Misvokning bir tarafi tillari ustida edi” (Imom Muslim rivoyati).

Sunnati mutohharadan maʼlumki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tishlari va ogʻizlarini tozalashga qattiq eʼtibor berar, bir kunda besh martadan koʻproq yuvardilar.

Stomatologik kasalliklar keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kiradi. Bu kasalliklarga shifo boʻladigan dori-darmonlar, vositalarni zikr qilish bilan bir qatorda mutaxassislar bunga eng yaxshi davo deb misvokni eʼtirof qilishadi.

Oʻn toʻrt asrdan buyon oʻzining beqiyos ahamiyatini yoʻqotmay kelayotgan shifo uslubi, shaksiz misvok qoʻllashdir. Misvok hozirgi kunda doʻkonlarda (ayniqsa masjidlar yonlarida) sotilayotgan arzon va hammabop gigiyenik vositadir. Hattoki, undan olingan maxsus tish pastasi ham oʻta qulayligi bilan ajralib turadi.

Misvok ishlatishning koʻplab foydalari bor. Misvok ogʻizni poklovchi, Parvardigorning roziligini topishga yordam beruvchi, farishtalarni xursand qiluvchi, koʻzga ravshanlik bagʻishlovchidir. U yoqimsiz hidlarni, tishlarning kasallanishini ketkazadi, tishlarni esa oqartiradi, milklarni baquvvat qiladi, taomni hazm qilishga yordam beradi, balgʻamni kesadi, namoz savobini koʻpaytiradi, Qurʼon yoʻlini toza qiladi, fasohatni ziyoda qiladi, meʼdani quvvatlantiradi, shaytonni gʻazablantiradi, yaxshiliklar savobini oshiradi, achchiqni kesadi, asab torlarini tinchlantiradi, tish ogʻrigʻini bosadi, ogʻiz hidlarini xushboʻy etadi, jon chiqishini osonlashtiradi.

Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining oʻgitlari bilan zamonaviy tib ilmining stomatologiya sohasiga bundan oʻn toʻrt asr muqaddam tamal toshini qoʻyib ulgurgan edilar.
Nozimjon IMINJONOV tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Buyuk Nabaviy koʻrsatma