Dam olish kunlari ob-havosi: qayerlarda yomgʻir kutilmoqda?

O‘zbekistonda 25–26-aprel kunlari asosan quruq va barqaror ob-havo bo‘lishi, respublikaning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilmasligi kutilmoqda. Shunga qaramay, shanba kuni Qoraqalpog‘iston va Farg‘ona vodiysida, yakshanba kuni esa Toshkent viloyatida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor. Dam olish kunlari havo harorati o‘rtacha 28–31 darajagacha isiydi, biroq ayrim hududlarda shamol tezligi kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Yakshanba kuni shimoliy hududlarda harorat biroz pasaysa-da, poytaxtda iliq ob-havo saqlanib qoladi va faqat kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Oʻzbekistonda 25–26 aprel kunlari asosan barqaror va quruq ob-havo hukm surishi kutilmoqda. Bu haqda Oʻzgidromet tomonidan taqdim etilgan navbatdagi prognozda maʼlum qilindi.
Sinoptiklarga koʻra, dam olish kunlari respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kuzatilmaydi. Biroq ayrim hududlarda qisqa muddatli yomgʻir ehtimoli saqlanib qolmoqda. Xususan, 25 aprel — shanba kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy qismlarida va Fargʻona vodiysida ayrim joylarda yomgʻir yogʻishi mumkin. 26 aprel — yakshanba kuni esa Toshkent viloyatining ayrim hududlarida qisqa muddatli yogʻingarchilik va momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoldan xoli emas.
Havo harorati shanba kuni kunduzi 28–31 daraja atrofida boʻladi. Shimoliy, janubiy va choʻl hududlarda esa issiqlik 32–35 darajagacha koʻtariladi. Yakshanba kuni ham koʻpchilik viloyatlarda harorat shu darajada saqlanadi. Faqat Qoraqalpogʻiston va Xorazmda havo biroz salqinlashib, 20–23 darajagacha tushishi kutilmoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 25–28 daraja atrofida boʻladi.
Shuningdek, shamol tezligi ham ayrim hududlarda kuchayishi mumkin. 24–25 aprel kunlari shimol va choʻl zonalarida, 26 aprel kuni esa respublika boʻylab baʼzi joylarda shamol 15–20 m/s gacha yetib, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi ehtimoli bor.
Poytaxtda esa shanba kuni yogʻingarchilik kutilmaydi. Yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir va momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati dam olish kunlari 27–30 daraja atrofida boʻlib, tungi soatlarda 14–17 darajagacha pasayadi.






























Izohlar 0
…