Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo sammitiga muhim murojaat yo‘lladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahrida o‘tkazilayotgan 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Davlat rahbari o‘z murojaatida mazkur nufuzli anjumanning o‘tgan yillar davomida siyosatchilar, ishbilarmon doiralar, ekspertlar va xalqaro hamjamiyat vakillarini bir maydonda jamlaydigan muhim muloqot platformasiga aylanganini ta’kidladi.
Prezidentning qayd etishicha, Yevroosiyo iqtisodiy sammitining aynan Istanbulda o‘tkazilishi chuqur ramziy ma’noga ega. Chunki bu tarixiy shahar asrlar davomida Yevropa va Osiyoni bog‘lab turgan ko‘prik, madaniyatlar, xalqlar va iqtisodiy aloqalar kesishgan muhim markaz sifatida tanilgan. Istanbul bugun ham mintaqalararo hamkorlik, savdo-iqtisodiy muloqot va madaniy yaqinlashuv ramzi bo‘lib qolmoqda.
Shavkat Mirziyoyev zamonaviy Turkiyada Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an ilgari surayotgan “Turkiya asri” strategik g‘oyasi izchil amalga oshirilayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi. Davlat rahbari Turkiya xalqaro maydonda dolzarb muammolarni hal etishda faol ishtirok etayotgani, global kun tartibida o‘zining nufuzli va ishonchli o‘rniga ega bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
Murojaatda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari bugun keng ko‘lamli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ham alohida tilga olindi. Prezident Mirziyoyev bu jarayonda Prezident Erdog‘anning qat’iy irodasi va izchil sa’y-harakatlari muhim ahamiyat kasb etganini bildirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik teng huquqlilik, ishonch, o‘zaro hurmat va barqaror taraqqiyot tamoyillariga asoslangani bilan Yevroosiyo iqtisodiy sammitining asosiy maqsadlariga to‘la mos keladi.
Bu yilgi sammit kun tartibida suv tanqisligi, “yashil” resurslar va global ekologik mas’uliyat masalalari alohida o‘rin egallamoqda. Davlat rahbari bugun dunyo iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jiddiy xavflarga duch kelayotganini ta’kidladi. Cho‘llanish, tuproq yemirilishi, suv zaxiralarining kamayishi va ekologik vaziyatning yomonlashuvi nafaqat ayrim davlatlar, balki butun insoniyat oldidagi umumiy muammoga aylanmoqda.
Ayniqsa, Markaziy Osiyoda bu jarayonlar yanada keskin namoyon bo‘layotgani qayd etildi. Mintaqada harorat oshish sur’atlari jahon o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori, muzliklar qisqarmoqda, tuproq degradatsiyasi kuchaymoqda. Bunday sharoitda ekologik barqarorlikni ta’minlash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Prezident “Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilayotganini, Orol dengizining qurigan tubida esa keng yashil himoya maydonlari barpo etilayotganini ta’kidladi. Bu ishlar nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki kelajak avlodlar uchun sog‘lom va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan muhim qadamdir.
Shuningdek, O‘zbekiston rivojlanishning “yashil” modeliga bosqichma-bosqich o‘tayotgani ma’lum qilindi. Mamlakat zararli chiqindilar hajmini 35 foizga qisqartirish, 2035 yilga qadar esa bu ko‘rsatkichni 50 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu yo‘nalishda suv resurslarini oqilona boshqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda.
Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston bundan keyin ham “yashil” kun tartibini faol ilgari surishi, global ekologik xavflarga qarshi amaliy yechimlar topishga o‘z hissasini qo‘shishini bildirdi. Shu munosabat bilan davlat rahbari sammit ishtirokchilarini mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarda, jumladan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Global ekologik jamg‘arma Assambleyasi va Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, birgalikdagi sa’y-harakatlar xalqaro iqlim hamkorligi kun tartibiga, shu jumladan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bo‘lajak konferensiyasiga tayyorgarlik jarayoniga amaliy hissa qo‘shadi.
Prezident O‘zbekiston keng qamrovli hamkorlik uchun doimo ochiq ekanini, kelgusida ham barqaror taraqqiyot, ekologik xavfsizlik va mintaqalararo sheriklikni mustahkamlash yo‘lida faol ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Qisqasi, Shavkat Mirziyoyevning Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati nafaqat diplomatik muloqot, balki kelajak uchun muhim ekologik va iqtisodiy chaqiriq sifatida yangradi. Bugungi dunyoda “yashil taraqqiyot” endi tanlov emas, zarurat. O‘zbekiston esa bu yo‘lda o‘z pozitsiyasini aniq, ishonchli va amaliy qadamlar bilan ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!