Bangkokdagi poyezd va avtobus to‘qnashuvida O‘zbekiston fuqarolari jabrlanmadi

16-may kuni Tailand poytaxti Bangkok shahrida yuk poyezdi va yo‘lovchi avtobusi ishtirokida mudhish yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu to‘qnashuv oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan va 33 nafar inson turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
17-may holatiga ko‘ra, jabrlanganlarning 15 nafari shifoxonadan uyiga javob berilgan, qolgan 18 kishi esa tibbiy muassasalarda davolanishni davom ettirmoqda. Dastlabki tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning ikki nafari Tailand fuqarolari ekani aniqlangan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Bangkokdagi Police General Hospital sud-tibbiy bo‘limi ma’lumotlariga tayanib, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma’lum qildi. Mamlakatimizning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari vaziyatni nazorat ostida ushlab turibdi va mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqin aloqada ishlamoqda.
Tashqi siyosat idorasi mazkur hodisa doimiy nazoratda ekanini ta’kidladi. Zarur hollarda fuqarolarimiz O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasiga +66-2 675-3995 yoki +66-2 675-3996 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!