16:24 / 18.06.2021
3 404

Yangi Andijon shahrida metro qurilishi mumkin


Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan yig‘ilishda 2022 yil 1 martdan boshlab Andijon shahri tarkibida Yangi Andijon tumani tashkil etilishini ma’lum qildi. «Gazeta.uz»ning yozishicha, Yangi Andijon shahrida yerusti metrosi qurilishi mumkin.

Transport vaziriga (Ilhom Mahkamov — tahr.) Yangi Andijon hududiga tezkor transport qatnovini tashkil qilish maqsadida bir oy muddatda taklif kiritishi kerakligi aytildi. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va qurilish vaziri Botir Zokirov esa uch oy muddatda Toshkent shahrida va Andijonda Turkiyaning tajribali loyiha kompaniyalari filiallarini tashkil etish, mutaxassislarni o‘qitish ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berilgan.

«Yangi Andijonda Damas bo‘lmaydi. U yerda yerusti yoki yerosti metrosini qurish bo‘yicha hisob-kitoblar qilinadi. Ma’qulini quramiz», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 17 iyun kuni Prezident Andijon tumanida 4 ming gektar maydonda barpo etilayotgan yangi shahar qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etgan edi. Ma’lum qilinishicha, ushbu yangi shaharda jami 130 mingdan ortiq kvartirali ko‘p qavatli uylar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari, sanoat zonalari, yashil hududlar va infratuzilma ob’ektlari quriladi.

Mazkur shaharda qurilish materiallari, elektrotexnika, mebelsozlik, to‘qimachilik, poliester va sun’iy tola ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratiladi. Qurilish ishlari 8 ta bosqichda amalga oshirilib, qurilish jarayonida 10 mingta yangi ish o‘rni, shahar qurilishi yakunlanganidan keyin esa sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida qariyb 100 mingta yangi ish joyi yaratiladi.

Qayd etilishicha, Yangi Andijon loyihasining kommunikatsiya tarmoqlarini qurishni boshlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yangi Andijon shahrida metro qurilishi mumkin