20:15 / 09.03.2020
3 997
---

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi yetarlicha chora ko‘rilganmi?

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi yetarlicha chora ko‘rilganmi?
Shu kunlarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning koronavirusga tayyorgarlik bo‘yicha yetakchi konsultanti Ute Enderleyn va tashkilotning favqulodda holatlarga tayyorgarlik ko‘rish dasturining mas’ul xodimi Jetri Regmi yurtimizda bo‘lib, dunyoda davom etayotgan epidemiyaga qarshi olib borilayotgan choralar va profilaktik tadbirlarning texnik ekspertizasini o‘tkazishmoqda.

Shuningdek, ular mamlakatimizga kirish hududlaridagi sanitariya-karantin punktlarida nazorat va profilaktik tadbirlarni tashkil qilish, davolash muassasalarining xavfsizligini ta’minlash, laboratoriyalar salohiyatini mustahkamlash kabi qator masalalar bo‘yicha texnik tavsiyalarini ham berishmoqda.

– Biz yurtingizda bir hafta mobaynida bo‘lib, koronavirus infeksiyasi chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish, epidemiologik nazoratni kuchaytirish borasidagi ishlar halqaro talablar asosida, JSST tomonidan ishlab chiqilgan standartlar va tavsiyalarga mos ravishda amalga oshirilayotganligiga guvoh bo‘ldik, – deydi Ute Enderleyn. – Yurtingizda ushbu infeksiyaga qarshi barcha choralar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, JSSTning ekspertlari mamlakatimiz mutaxassislari bilan hamkorlikda jahondagi koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik holatni hisobga olgan holda favqulodda vaziyatlarda qanday yo‘l tutish bo‘yicha ham o‘zaro tajriba almashishmoqda.

O‘z o‘rnida aytib o‘tish lozimki, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, «COVID-19» infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida sanitariya-karantin punktlarida barcha ehtiyot choralari ko‘rilib, nazorat kuchaytirilgan. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas’ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan.

Eslatib o‘tamiz, shu kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholidan ortiqcha sarosimaga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


koronavirus O‘zbekiston chora
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)