Joriy yilning 4 avgust kunidan boshlab deyarli 51 mingga yaqin Chevrolet Cobalt, Lacetti, Labo va Damas avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov amalga oshirilgan. Bu haqda UzAuto Motors axborot xizmati xabar berdi.
“Kompaniya ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq savdo tizimini joriy etganligi sabab, tuzilgan shartnomalar bo‘yicha barcha avtomobillar 2023 yilda o‘z egalariga topshiriladi. Keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmaydi.
Kutish vaqtining uzayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 2024 yilda ishlab chiqarilgan avtomobillar kontraktatsiyasi haqida keyinroq kompaniya rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi”, deyiladi rasmiy munosabatida.
Avvalroq, 8 oylik tanaffusdan so‘ng 4 avgust kuni Chevrolet Cobalt, Lacetti va Damas modellari uchun shartnoma berish boshlangani e’lon qilingandi. Buning ortidan avtosalonlarda katta navbatlar, tiqilinch va janjallar yuzaga keldi. Kompaniya esa kontraktatsiyani ochganidan 24 soat o‘tmay, yana noma’lum muddatga yopdi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring