Foto: Getty Images
Oʻzbekistonliklar import qilayotgan har toʻrtta avtomobilning uchtasi bojxona omborlarida qolib ketayotgan boʻlishi mumkin. Bu avtomashina muvofiqligini baholash boʻyicha yangi talablarning joriy qilingani va yagona laboratoriyaning quvvati real talabni mutlaqo qondira olmayotgani fonida yuz beryapti. Buning ortidan uzoq muddatli elektron navbatlar paydo boʻla boshladi.
Oʻzbekistonga oʻz ehtiyoji uchun avtomobil olib kirayotgan har bir shaxs transport vositasini 16 ta majburiy koʻrsatkich boʻyicha sinovdan oʻtkazishi va sertifikat olishi shart. Bu 2024 yilning 1 noyabridan boshlab joriy qilingan majburiy talab. Rasmiylar buni ekologik va texnologik xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan chora deya xaspoʻshlashayotgan boʻlsa-da, mavjud vaziyat qator jiddiy muammolarni yuzaga keltira boshladi, deb yozadi Kun.uz nashri.
Birinchidan, yagona laboratoriyaning quvvati real talabni mutlaqo qondira olmaydi. Mas'ullarning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, bitta mashinani sinovdan oʻtkazish 30-35 daqiqa vaqt oladi. Bundan kelib chiqilsa, 24 soat ishlayotgan markaz kuniga 50 tagacha, yiliga esa 18 mingdan ortiq avtomobilni sinovdan oʻtkaza oladi. Bu – oʻtgan yili import qilingan mashinalar soni (74 ming 525 dona), ya'ni mavjud talabdan 4 barobarga kam. Natijada uzoq muddatli elektron navbatlar paydo boʻla boshladi. Kamiga muvofiqlik sertifikati beradigan ayrim tekshirish laboratoriyalari noma'lum sabablarga koʻra, vaqtincha yopilgani haqidagi xabarlar ham chiqdi.
Ikkinchidan, butun mamlakatda faqat bitta laboratoriya mavjud boʻlib, u ham Piskentda joylashgan. Hududlardagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar import avtomobilni bojxona omboridan evakuator yoki tirkama orqali bu erga olib kelishi va yana oʻsha erga qaytarib olib borishi shart. Farqi yoʻq, xaridor Andijondan boʻladimi yoki Xorazmdan. Sezib turganingizdek, bu katta xarajat va yaxshigina ovoragarchilik. Agar elektron navbat olish muddati choʻzilib ketadigan boʻlsa, bojxona omborida turgan avtomobil uchun ham kunlik toʻlov qilish kerak, bu yana bitta qoʻshimcha xarajat. Rasmiylar hududlarda ham qoʻshimcha laboratoriyalar ochish rejasi borligini aytayotgan boʻlsa-da, yaqin yillarda bu ishning amalga oshishi qiyin. Piskentdagi avtopoligon ham kredit mablagʻlari hisobiga qurilgan boʻlib (11,8 million dollar), tushgan pul qarzlarni qaytarishga yoʻnaltirilyapti.
Uchinchidan, mazkur cheklov narxlarni qimmatlashtirib, raqobat muhitiga yomon ta'sir qila boshladi. Masalan, soliq va qoʻshimcha toʻlovlarni hisobga olmaganda, Oʻzbekistonga import qilingan bitta elektromobilning oʻrtacha narxi 9 ming 330 dollarni tashkil etgan. Shundan kelib chiqiladigan boʻlsa, ichki bozorda 13-13,5 ming dollardan boshlab takliflar paydo boʻlishi kerak. Bir muddat shunday ham boʻldi. Ammo notarif cheklovlar fonida narxlar yanada qimmatlab ketdi. Masalan, muvofiqlik sertifikatini olishning oʻrtacha narxi 3,5 baravar oshirilib, 9,1 million soʻmgacha etkazilgandi. Keyinroq jiddiy noroziliklar sababli narxlar ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun 5,6 mln soʻmgacha va elektromobillar uchun 4,8 mln soʻmgacha pasaytirildi. Ammo 1-2 kunda tugallanadigan ish oʻnlab kunlarga choʻzilib ketyapti.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yildan boshlab turli xil notarif toʻsiqlar bilan yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan olib kirilayotgan elektromobillar importini cheklashga qaratilgan qator qoidalar joriy qilindi. Yil boshida jismoniy shaxslar tomonidan tijorat maqsadlarida mashinalarni olib kirishni taqiqlash va yangi xorijiy markalarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibini qaytarish rejalashtirilgan edi. Texnik tartibga solish agentligi oʻsha loyiha tanqid tufayli toʻxtatilganini, ammo aprel oyida yana kun tartibiga qaytganini ma'lum qildi.
Bu voqealardan oldin, qanchalik gʻalati boʻlmasin, BYD kompaniyasi Oʻzbekiston hukumatiga murojaat qilib, BYD avtomobillari Oʻzbekistonga “tartibsiz” ravishda import qilinayotgani, olib kirilayotgan modellar mahalliy iqlim va yoʻl sharoitlariga mos emasligi, rasmiy kafolati ham yoʻqligini ta'kidlab, BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini cheklashni soʻragani ma'lum boʻlgandi. Qator davlat idoralariga bu borada takliflar ishlab chiqish topshirigʻi berildi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
GM yangi superkarning narxini e'lon qildi
Norvegiya elektromobillarga oʻtishni qanday uddaladi?
Xitoyda yangi BMW X3 ishlab chiqarila boshlandi: Evropa va AQShda bunday mashina boʻlmaydi
GAC Trumpchi S7: yangi gibrid krossover toʻliq namoyish qilindi (Rasm)
BYD dengiz floti kengaymoqda: yangi kema bir vaqtda 7000 avto tashishi mumkin