17:15 / 09.03.2017
16 533

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari qachondan boshlab haqiqiy emas deb topiladi?

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari qachondan boshlab haqiqiy emas deb topiladi?

Mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, haydovchi va piyodalarga turli qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi “Milliy haydovchilik guvohnomasining va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi, deb yozadi O‘zA.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston hududida 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab tegishli ravishda milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishda milliy haydovchilik guvohnomasining, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishda (qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda) avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xolmatjon SAYDALIEV ushbu yangilik haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Milliy haydovchilik guvohnomasi 1968 yil 8 noyabrdagi Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi tavsiyalariga muvofiqlikni ta’minlash, milliy haydovchilik guvohnomalarini hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etishni samarali tashkil etish maqsadida tayyorlangan. Unda konvensiya talablarida belgilangan majburiy ma’lumotlar lotin alifbosida o‘zbek tilida yozilgan.

O‘zbekiston Respublikasining nomi davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan milliy haydovchilik guvohnomasi plastikdan tayyorlanadi. Guvohnoma o‘lchami 54x86 millimetrni tashkil etadi, qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi mustahkam va mukammal himoya vositalariga ega.

Yangi nusxadagi guvohnomada A, V, S, D, VE, SE va DE toifalari bo‘ladi. Ya’ni E toifasi uchga bo‘lindi. Bunda VE- A toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan va haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i sakkiztadan oshmaydigan avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga, SE- D toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini tirkama bilan boshqarishga, DE- yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan, haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i sakkiztadan ortiq avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga ruxsat berilishini bildiradi.


Milliy haydovchilik guvohnomasining va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Insonning tashqi ko‘rinishi o‘zgarishi inobatga olinib, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi.

Qarorda amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi guvohnomalarga almashtirish muddatlari ham ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, fuqarolar 2017 yil 1 oktyabrdan 2018 yilning 31 dekabrigacha eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangisiga, ularning berilgan sanasidan qat’i nazar, egasining yozma arizasiga ko‘ra ixtiyoriy ravishda almashtirib beriladi.

2019 yil 1 yanvardan 2020 yil 31 dekabrga qadar eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari, berilgan sanasidan qat’i nazar, majburiy tartibda yangisiga almashtiriladi. 2021 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb topiladi. Bunday guvohnomalar bilan avtomototransport vositalarini boshqarish haydovchilik guvohnomasisiz avtomototransport vositalarini boshqarish sifatida baholanib, haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy chora ko‘riladi.

Yangi milliy haydovchilik guvohnomasini olish va amaldagilarini qay tartibda almashtirish tartibi barchani qiziqtirishi tabiiy. Ushbu yangi hujjat joriy yilning 1 oktyabridan haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tamomlaganlarga nazariy va amaliy imtihonlardan o‘tganidan so‘ng berila boshlanadi. Biror sabab bilan eskirgan, yaroqsiz holga kelib qolgan, yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasi va uning taloni yangisiga yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limlarida haydovchilar tomonidan zarur hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng almashtirib beriladi.

Eski nusxadagi haydovchilik guvohnomasi va uning talonini almashtirish uchun haydovchilar o‘quv tashkilotini tamomlaganligi to‘g‘risidagi imtihon varaqasini, haydovchilik guvohnomasi va uning talonini, tibbiy ko‘rik ma’lumotnomasini, to‘lov chiptasini, transport vositasini qayd etish guvohnomasini yoki ishonchnomani va shaxsiy pasporti, korxona yoki tashkilotlarda haydovchi bo‘lib ishlovchilar ish joylaridan ma’lumotnomani taqdim etishlari lozim.

Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma ham yangilandi. Bu guvohnomaning o‘lchami ham 54x86 millimetr bo‘lib, plastikdan tayyorlanadi.


Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomani yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish ishlari 2017-2020 yillar mobaynida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Haydovchilar avtomototransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishga taqdim etganlarida eski namunadagi avtomototransport vositasini qayd etish guvohnomalari yangisiga almashtirib beriladi. Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi eski namunadagi guvohnomalar ham 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblanadi.

Yangi nusxadagi plastik guvohnomalarda avtomototransport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tganini aks ettiruvchi belgi qo‘yiladigan joy yo‘q. Shuni inobatga olgan holda, avtomototransport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risidagi talon ham joriy etildi. Ko‘rik natijasi ana shu talonda aks etadi.

Muxtasar aytganda, joriy etilayotgan mazkur yangiliklar mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Manba: www.Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari qachondan boshlab haqiqiy emas deb topiladi?