BYD avtomobillariga foizsiz muddatli to'lov e'lon qilindi

O'zbekiston avtomobil bozorida BYD brendi muxlislari uchun ajoyib yangilik. Ramazon oyi munosabati bilan rasmiy dilerlar tomonidan mashhur gibrid modellar — BYD Song Plus Champion hamda BYD Chazor uchun foizsiz muddatli to'lov aksiyasi boshlandi. Endilikda xaridorlar avtomobilni ortiqcha ustama to'lovlarsiz, faqat uning asl narxini bo'lib to'lash evaziga qo'lga kiritishlari mumkin. Bu haqda autostrada.uz xabar beradi.
Aksiyaning asosiy shartlariga ko'ra, xaridor avtomobil narxining 50 foizini boshlang'ich to'lov sifatida kiritishi kerak. Qolgan qismi esa 24 oy davomida teng ulushlarda to'lab boriladi. Hisob-kitoblarga ko'ra, BYD Song Plus Champion modelini xarid qilish uchun sug'urta xarajatlari bilan birga taxminan 192 million so'm, BYD Chazor modeli uchun esa 143 million so'm atrofida boshlang'ich mablag' talab etiladi.
Mutaxassislar ta'kidlashicha, mazkur aksiya yangi modellarning kirib kelishi arafasida o'tkazilmoqda. Shuni yodda tutish kerakki, taklif faqat bazaviy komplektatsiyadagi avtomobillarga nisbatan amal qiladi va sug'urta xizmati majburiy hisoblanadi. Qo'shimcha xarajatlar taxminan 4-5 million so'mni tashkil etishi mumkin.
Aksiya muddati cheklangan bo'lib, u faqat Ramazon oyi davomida amal qiladi. Avtomobillar soni ham cheklanganligi sababli, qiziqqan mijozlardan dilerlik markazlariga o'z vaqtida murojaat qilish so'raladi. Har bir dilerlik markazida qo'shimcha shartlar bo'lishi mumkinligi bois, shartnomani imzolashdan avval barcha tafsilotlarni aniqlashtirib olish tavsiya etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!