Lada Azimut va boshqa modellar uchun 5 tonnalik maxsus kalibrlar qoʻllanilmoqda

AvtoVAZ kompaniyasi Lada avtomobillarini ishlab chiqarishda detallarni moslashtirish va oraliq masofalarni nazorat qilish texnologiyasi haqida maʼlumot berdi. Jarayonda asosiy vosita sifatida maxsus nazorat kalibri — 3D-modellashtirish asosida yaratilgan va ogʻirligi 5 tonnadan ortiq boʻlgan alyuminiy korpus etaloni xizmat qilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, ushbu kalibr osma elementlarning aniqligini 0,2 mm gacha boʻlgan xatolik bilan tekshirish imkonini beradi. Bu taxminan ikki varaq qogʻoz qalinligiga teng koʻrsatkichdir. Bunday yondashuv detallarning qiyshayishlarsiz va sezilarli tirqishlarsiz, maksimal darajada zich va tekis oʻrnatilishini taʼminlaydi. Tekshiruv davomida muhandislar oʻlchovlarni maxsus uskunalar va 3D-skanerlar yordamida amalga oshiradilar.
Mazkur tizim Lada Vesta, Lada Iskra va yangi Lada Azimut krossoverini ishlab chiqishda ham qoʻllanilmoqda. Lada Azimut modeli uchun 800 dan ortiq yangi butlovchi qismlar koʻzda tutilgan boʻlib, ularning 130 ga yaqini bevosita kuzov geometriyasiga taʼsir qiladi. Yangi krossoverning seriyali ishlab chiqarilishi sentyabr oyida boshlanishi kutilmoqda.
Lada Azimut boshlangʻich bosqichda 1,6 litrli (120 ot kuchi) atmosfera dvigateli va 6 pogʻonali mexanik uzatmalar qutisi, shuningdek, 1,8 litrli (132 ot kuchi) dvigatel va variator bilan taklif etiladi. Avtomobil GigaChat tizimiga ega multimedia, toʻliq svetodiodli optika, aylanma koʻrinish kameralari va panoramali tom bilan jihozlanadi. Keyinchalik 390 ot kuchiga ega gibrid va toʻliq uzatmali versiyasi ham chiqishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!