Toyota Alphard muqobili: 557 ot kuchiga ega GAC Trumpchi M8 PHEV L sotuvga chiqdi

Autohome nashri yangi GAC Trumpchi M8 PHEV L minivenining ilk suratlarini eʻlon qildi. Ushbu gibrid model toʻliq privodli tizim bilan jihozlangan boʻlib, Xitoyda 25-maydan boshlab unga oldindan buyurtma berish jarayoni boshlandi. Hozircha rasmiy narxlar eʻlon qilinmagan boʻlsa-da, Trumpchi M8 oilasining joriy modellari 270 dan 410 ming yuangacha baholanmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tashqi koʻrinishidan toʻliq privodli gibrid oddiy versiyalardan deyarli farq qilmaydi: u ulkan xromlangan panjara, "7" raqami koʻrinishidagi svetodiodli faralar va lazerli kunduzgi chiroqlarga ega. Avtomobil xavfsizligini taʻminlash uchun lidar va Momenta haydovchiga koʻmaklashish tizimi oʻrnatilgan. Minivenning oʻlchamlari 5264 × 1898 × 1848 mm ni, gʻildirak bazasi esa 3070 mm ni tashkil etadi.
Salon qismida 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli va 17,3 dyuymli multimedia ekrani joylashgan. Tizim ADIGO 6.0 dasturiy platformasi va Qualcomm Snapdragon 8295P chipi asosida ishlaydi. Old va oʻrta qatordagi oʻrindiqlar isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyalari bilan taʻminlangan, eng yuqori komplektatsiyada esa uchinchi qator ham isitish tizimiga ega boʻladi. Shuningdek, 20 ta dinamikli Yamaha audiotizimi avtomobilning oʻziga xos jihatlaridan biridir.
GAC Trumpchi M8 PHEV L 1,5 litrli turbomotor va ikkita elektr dvigatel bilan jihozlangan boʻlib, tizimning umumiy quvvati 557 ot kuchiga teng. Taqqoslash uchun, old privodli versiya 448 ot kuchiga ega edi. CATL kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 44,5 kW·soat quvvatli akkumulyator batareyasi avtomobilga faqat elektr energiyasida 235 km masofani bosib oʻtish imkonini beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!