BYD Buyuk Britaniyada 1500 kW quvvatli Flash zaryadlash stansiyalarini oʻrnatadi

Xitoyning BYD kompaniyasi kelasi yilning oxiriga qadar Buyuk Britaniyada 300 ta ultra-tezkor 1500 kW quvvatli Flash zaryadlash stansiyalarini oʻrnatishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyiha Tesla Supercharger tarmogʻiga raqobatchi sifatida ishlab chiqilgan boʻlib, 2027-yilga borib butun Yevropa boʻylab 3000 ta shunday qurilma oʻrnatilishi koʻzda tutilgan. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, stansiyalar asosan magistral yoʻllarda har 50 kilometrda joylashadi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Flash zaryadlovchi qurilmalari Tesla qurilmalaridan uch baravar kuchliroq boʻlsa-da, barcha CCS portli elektromobillarga mos keladi. Biroq, maksimal 1500 kW quvvatdan faqat ikkita zaryadlash portiga ega boʻlgan maxsus BYD modellari, xususan, sentyabr oyida debyut qiladigan Denza Z9 GT foydalana oladi. Yangi avlod Blade battery texnologiyasi tufayli ushbu elektromobil 10 foizdan 70 foizgacha atigi besh daqiqada quvvat oladi.
BYD kompaniyasining Britaniyadagi rahbari Bono Ge soʻzlariga koʻra, Flash stansiyalarida energiya narxi raqobatchilardan ancha arzon boʻlishi kutilmoqda. Ideal holatda bir kW/soat uchun narx 50 pensdan past boʻlishi maqsad qilingan. Bu Ionity va Gridserve kabi provayderlar narxidan sezilarli darajada pastdir. Arzon narxga stansiya qoshidagi akkumulyatorlarni tungi vaqtda arzon tarifda quvvatlantirish orqali erishiladi.
Denza brendining ilk mijozlari uchun 18 oylik bepul zaryadlash imkoniyati taqdim etiladi. Kelajakda Denza B5 va Denza D9 kabi modellar ham ushbu texnologiyani qoʻllab-quvvatlaydi. Hozircha ushbu oʻta tezkor quvvatlash tizimi BYD brendining hamyonbop modellariga qachon joriy etilishi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq.






























Izohlar 0
…