Uni 11 yil kutishdi: Butunlay yangi Audi Q7 taqdim etildi

Uni 11 yil kutishdi: Butunlay yangi Audi Q7 taqdim etildi

Audi kompaniyasi rasman uchinchi avloddagi Q7 krossoverini namoyish etdi. Avtomobil tashqi va ichki koʻrinishdan butunlay yangilandi — avvalgi Audi Q7 modelidan deyarli hech qanday asar qolmadi. Krossover kattalashtirilgan radiator panjarasi, balandroq kapot, kengaytirilgan gʻildirak arkalari va ikki darajali svetodiodli optikaga ega boʻldi. Yangi intellektual faralar asosiy xususiyatlardan biri boʻlib, ular yoʻl yuzasiga ogohlantirishlarni proyeksiyalash, burilish signallarini yerda aks ettirish va eshiklar ochilishi haqida boshqa haydovchilarni ogohlantirish qobiliyatiga ega. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Salon qismida asboblar paneli va multimedia tizimini birlashtirgan egilgan OLED-displey oʻrnatilgan, old yoʻlovchi uchun esa alohida ekran ajratilgan. Shuningdek, alohida seksiyalari shaffofligini sozlash mumkin boʻlgan va egasining sozlamalarini eslab qoluvchi panoramali tom koʻzda tutilgan. Koʻpgina mamlakatlarda Audi Q7 bazaviy komplektatsiyadanoq uch qatorli oʻrindiqlar bilan taklif etiladi. Yukxona hajmi salon konfiguratsiyasiga qarab 581 litrdan qariyb 2000 litrgacha yetadi.

Sotuvlar boshida Buyuk Britaniyada model 295 ot kuchiga ega, 3,0 litrli dizelli V6 dvigateli va "yumshoq" gibrid tizimi bilan jihozlanadi. Boshqa bozorlar uchun benzinli dvigatellar koʻzda tutilgan. Krossover pnevmopodveska, toʻliq boshqariladigan shassi, doimiy toʻliq uzatma va elektron boshqariladigan amortizatorlarni oldi. Podveska navigatsiya maʼlumotlari asosida yoʻl sharoitlariga, masalan, temir yoʻl kesishmalari yoki notekisliklarga oldindan moslashishga qodir.

Audi xavfsizlik tizimlariga alohida eʼtibor qaratdi. Yangi Q7 uzunligi 200 metrgacha boʻlgan beshtagacha toʻxtash (parkovka) marshrutini eslab qolishi, murakkab manyovrlarni mustaqil bajarishi va haydovchi ishtirokisiz orqaga harakatlanishi mumkin. Bundan tashqari, agar tizim haydovchi ogohlantirishlarga javob bermayotganini aniqlasa, avtomobil mustaqil ravishda yoʻl chetida toʻxtab, favqulodda xizmatlarni chaqira oladi. Yangi Audi Q7 sotuvlari iyul oyida boshlanadi va u BMW X5 hamda Mercedes-Benz GLE bilan raqobatlashadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar