17:54 / 30.04.2022
3 934

Lukashenkoning aljirashiga nima sabab bo‘lyapti?

Lukashenkoning aljirashiga nima sabab bo‘lyapti?
Belarus Respublikasi prezidenti deb hisoblanuvchi Aleksandr Lukashenko Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev bilan uchrashuvda Rossiya va Belarus Ittifoq davlatiga kelgusida sobiq SSSR tarkibiga kirgan boshqa respublikalar ham qo‘shilishini urg‘ilab provokatsion fikr bildirgan. Jumladan u, “O‘ylashimcha, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston ham iqtisodiy zaruriyatdan kelib chiqib, qo‘shiladi. Armanistonning ham boradigan joyi yo‘q”, degan.

Saylov soxtakorligi natijasida o‘z hokimiyatini saqlab qolgan va xalqaro hamjamiyatning katta qismi tomonidan prezident sifatida tan olinmagan Aleksandr Lukashenko har safar yo‘l qo‘ygan siyosiy xatosi va jinoyati sizib chiqib yashirib bo‘lmaydigan darajada anqib boshlagandan keyin, bu siyosiy xato va jinoyatlarni “boshqalar” bilan baham ko‘rish isteriyasini ko‘rsatayotganini kuzatishimiz mumkin.

O‘zini hurmat qiladigan har qanday hukumat va davlat rahbari A.Lukashenko bilan hammaslak bo‘lib ko‘rinish yoki yagona siyosiy kadrda aks etishni o‘ziga ep ko‘rmaydi, chunki Yevropaning oxirgi diktatorlaridan biri so‘nggi yillarda hokimiyatni saqlab qolish uchun xalqiga nisbatan amalga oshirgan misli ko‘rilmagan darajadagi zulmi bilan Shimoliy Koreya liderlarini ham ortda qoldirdi desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

A.Lukashenko o‘zining bu bayonotlari bilan “nima uchun, Putinning siyosiy sherigi bo‘lib hamma jabr zulmini faqat men tortishim kerak, hokimiyatga kelishingiz va unda mustahkam turishingizga yordam bergan “rahnamo”ning jabrini siz ham torting” demoqchi.

A.Lukashenkoning bugungi kunda hech bir davlatga rasmiy tashrif bilan bormayotganligi uning siyosiy lider sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotganini ko‘rsatadi. U hozirda faqat Rossiya gubernatorlari bilan uchrashadigan bir “gubernator” xolos.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bostirib kirishidagi asosiy ittifoqchisi A.Lukashenko boshqaruvidagi Belarus hisoblanadi. Urushning cho‘zilishi va Putin oldiga qo‘ygan vazifalarning ko‘kka sovurilishi, shuningdek, urushda aybsiz o‘ldirilgan har bir inson Putinni bevosita, Lukashenkoni esa bilvosita “Bucha protsessi” deb nomlangan va uzoq yillar davomida tarixda qoladigan xalqaro sud kursisiga yetaklayveradi. Vaziyatning bunday tus olishi diktatorni zo‘riqtiradi va aljirashiga sabab bo‘ladi.

Rossiya agressiyasi davrida siyosiy bosiqlik va muvozanatni saqlayotgan va shu bilan birga Rossiya taklif qilayotgan har qanday ittifoqqa a’zo bo‘lish siyosiy suitsid ekanligini juda yaxshi tushunib turgan O‘zbekiston hukumatidan bu masalada keskin javobni kutish kerak emas, lekin vatandoshlik jamiyati va OAVlari bunga izoh so‘rashi, Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi elchisini izoh berishga majbur qilishi kerak.

Hamid Sodiq,
siyosiy tahlilchi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lukashenkoning aljirashiga nima sabab bo‘lyapti?