00:35 / 04.05.2022
1 322

Rossiya harbiylari «Azovstal»ni yana shturm qila boshladi

Rossiya harbiylari «Azovstal»ni yana shturm qila boshladi
Foto: PETER KOVALEV/TASS
Rossiyalik harbiylar Mariupoldagi ukrain harbiylari qarshiligining so‘nggi qal’asi bo‘lib qolayotgan «Azovstal» zavodini shturm qilishga kirishdi. Dam olish kunlari kombinat hududidan u yerni boshpana qilgan tinch aholi vakillarining bir qismi evakuatsiya qilingandi.

Bu hududga zarbalar berish bir kun oldin boshlangan, seshanba kuni esa rossiyalik harbiylar bir necha yo‘nalishlarda «Azovstal»ni shturm qilishga kirishgan.

«Qariyb bir kun davomida artilleriya va aviatsiya orqali o‘t ochilib, tayyorgarlik ko‘rildi. Avtobuslar jo‘nab ketgach, tanaffus bo‘ldi. Ular tunda ham, kunduzi ham zarba bera boshladi va hozir bir necha joydan zavodni shturm qilishga o‘tishdi. Mudofaani ushlab turamiz va qarshi kurashamiz», deya Mariupol politsiya boshqarmasi boshlig‘i Mixail Vershininning so‘zlarini keltirgan ukrain televideniyesi.

Avvalroq shturm boshlangani haqida ukrainalik harbiy korrespondent Andrey Sapliyenko ham xabar bergandi.

«Hozir ular zavod hududiga bostirib kirishga urinishmoqda», deya yozdi u o‘z telegram-kanalida va bundan oldin aviatsiya bir necha soat davomida «Azovstal»ni bombalaganini qo‘shimcha qildi.

«Yirik yong‘in kelib chiqdi, uning tutuni Mariupolning barcha nuqtalaridan ko‘rinib turibdi», degan Sapliyenko.

Korxona hududi shturm qilinayotgani to‘g‘risidagi xabarni «Ukrainskaya pravda»ga «Azov» polki komandiri o‘rinbosari Svyatoslav Palamar tasdiqladi. «Tun bo‘yi bizga aviabombalar yog‘dirishdi, tinch aholi vakillari bo‘lgan ikki ayol halok bo‘ldi, hozir esa Azovstal shtumr qilinmoqda», degan u.

«Biz bilamiz, prezidentga [Volodimir Zelenskiy] Mariupoldagi vaziyat haqida hisobot berishgan va u qo‘lini pulsda tutib turibdi. Shuning uchun biz undan qat’iy harakatlar kutamiz, chunki vaziyat juda murakkab», degan polk vakili.

Rossiya mudofaa vazirligi «Azovstal» hududida harbiy harakatlar yana tiklanganini tasdiqlagan. Vazirlik «ukrainalik harbiylar «Azovstal»dagi sukunat rejimidan foydalanib, o‘t ochish pozitsiyalariga chiqishgani»ni bildirgan.

«Ular yerto‘lalardan chiqishdi, zavod hududi va binolarida o‘t ochish pozitsiyalarini egalladi. Hozirda Rossiya armiyasi va DXR kuchlari artilleriya va aviatsiyadan foydalanib bu pozitsiyalarni yo‘q qilishni boshladi», degan vazirlik vakili Vadim Astafev.

RIA Novosti korrespondenti voqea joyidan xabar berishicha, «Azovstal» hududida artilleriya ovozlari eshitilgan, zavod ustida tutun ustuni ko‘tarilgan.

21 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qilgan chog‘ida rossiyalik harbiylar bir necha hafta davomida egallashga urinib kelgan «Azovstal» zavodi shturmini maqsadga muvofiq emas deb topib, shturmni to‘xtatishga buyruq bergandi.

«Men sanoat zonasiga hujumni maqsadga muvofiq emas deb hisoblayman, uni bekor qilishni buyuraman. Hozir biz askar hamda ofitserlarimizning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolishni o‘ylashimiz kerak bo‘lgan vaqt. Ushbu sanoat ob’ektlari ostidagi katakombalarga tushib, emaklash kerak emas. Mazkur sanoat zonasini hatto pashsha ham uchib o‘ta olmaydigan qilib, bloklab qo‘ying», degandi Putin zavodni egallash uchun uch-to‘rt kun talab etilishini aytgan Shoyguning hisobotidan keyin.

«Azovstal»dan tinch aholi vakillari evakuatsiyasi

Urush boshidan buyon «Azovstal» metallurgiya kombinati hududida Mariupolning tinch aholisi vakillari bo‘lgan yuzlab kishilar yashiringan. Aprel oyi oxirida Rossiya va Ukraina ularni evakuatsiya qilish borasida kelishuvga erishdi, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilindi.

1 may kuni e’lon qilingan videoda «Azov» polki jangchilari «Azovstal» zavodi xarobalari ostidan tinch aholi vakillarini evakuatsiya uchun olib chiqayotgani aks etgan. Foto: Azov Special Forces Regiment of the Ukrainian National Guard via AP
30 aprel va 1 may kunlari strategik muhim ahamiyatga ega hisoblangan Mariupoldagi ukrain harbiylarining so‘nggi tayanchi bo‘lib qolayotgan «Azovstal»dan 100 nafar atrofida tinch aholi vakillari olib chiqildi.

Rossiya bilan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan David Araxamiya evakuatsiya «Azovstal» atrofidagi ilk o‘t ochishni to‘xtatish rejimi» vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladi va bu rejim ikki kun amalda bo‘ldi.

Bir kun oldin BMT va Qizil Xoch jamiyati 3 may kuni ham Mariupoldan tinch aholi vakillari olib chiqilishi davom ettirilishiga umid bildirdi.

Seshanba kuni Mariupol meri Vadim Boychenko Reuters agentligiga zavod hududida 200 nafar atrofida tinch aholi vakillari qolganini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya harbiylari «Azovstal»ni yana shturm qila boshladi