22:20 / 11.05.2022
1 610

Xersonning «yangi rahbariyati» Putindan hududni Rossiyaga qo‘shib olishni so‘ramoqchi (mi?)

Xersonning «yangi rahbariyati» Putindan hududni Rossiyaga qo‘shib olishni so‘ramoqchi (mi?)
Foto: «TASS»
Ukrainaning Rossiya harbiylari nazoratiga o‘tgan Xerson viloyatining «yangi rahbariyati» Rossiya prezidenti Vladimir Putindan hududni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni so‘rash niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda «RIA Novosti» Rossiya davlat axborot agentligi xabar berdi.

Xabarda viloyatning yangi «harbiy-fuqarolik ma’muriyati» rahbari o‘rinbosari deb ataladigan faol Kirill Stremousovdan iqtibos keltirilgan.
«Xerson viloyati hududida hech qanday Xerson xalq respublikasi tashkil etilmaydi, referendumlar ham o‘tkazilmaydi. Bu Xerson viloyati rahbariyatining Rossiya prezidentiga murojaatiga asoslangan yagona farmon va hududni Rossiya Federatsiyasining to‘laqonli hududiga kiritish bo‘yicha so‘rov bo‘ladi», — deydi Stremousov.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Stremousovning so‘zlariga izoh berar ekan, «Xerson viloyati aholisi o‘z taqdirini o‘zi belgilashi kerak»ligini, bu masala «aniq va diqqat bilan tekshirilishi va advokatlar tomonidan baholanishi lozim»ligini, chunki «hudud taqdiriga oid bunday qarorlar Qrimda bo‘lgani kabi mutlaqo qonuniy ravishda qabul qilinishi zarurligi»ni aytdi.

Xerson viloyatida yangi «harbiy-fuqarolik ma’muriyati» tashkil etilgani haqida Rossiya davlat matbuoti aprel oyi oxirida e’lon qilgan edi. U aslida ham viloyatda biron bir boshqaruv faoliyatini amalga oshiradimi yoki yo‘qmi noma’lum.

«Yangi ma’muriyat»ni Xersonning sobiq meri Vladimir Saldo boshqaradi. Uning o‘rinbosari Kirill Stremousov Rossiya OAVlarida viloyatning kelajagi go‘yoki Rossiya bilan bog‘liqligi haqida muntazam bayonotlar bilan chiqmoqda.

24 fevral kuni Ukrainada «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qilar ekan, Vladimir Putin Rossiyaning rejalari «Ukraina hududlarini bosib olish emas» deb ta’kidlagan edi. Biroq, Ukraina va Rossiya tomonining ko‘plab xabarlariga ko‘ra, Rossiya Xerson viloyatini u yoki bu shaklda o‘z nazorati ostida ushlab turishni rejalashtirmoqda. Viloyat 1 maydan rubl pul birligiga o‘tishi e’lon qilingandi. Shuningdek, Meduza Kremlga yaqin manbalarga tayanib, may oyi o‘rtalarida Xersonda Ukrainadan ajralib chiqish va Xerson xalq respublikasini tuzish bo‘yicha referendum rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy agar Ukraina hududlarida mamlakatdan ajralib chiqish bo‘yicha birorta «referendum» o‘tkazilsa, Ukraina Rossiya bilan tinchlik muzokaralaridan chiqishini aytgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xersonning «yangi rahbariyati» Putindan hududni Rossiyaga qo‘shib olishni so‘ramoqchi (mi?)