Tojikistondagi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Xorug‘ shahrida 14 may kuni bir necha yuzlab aholi norozilik aksiyasiga chiqib, viloyat rahbari Alisher Mirzonabot va Xorug‘ meri Rizo Nazarzodaning iste’fosini talab qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz». Ular, shuningdek, Xorug‘dagi barcha blokpostlar olib tashlanishini va Badaxshon aholisini ta’qib qilish to‘xtatilishini talab qildi.
Bundan tashqari, miting ishtirokchilari Gulbiddin Ziyobekov (u 2021 yil noyabrida xavfsizlik kuchlarining maxsus operatsiyasi chog‘ida o‘ldirilgan)ning o‘limida aybdorlar javobgarlikka tortilishini, Amriddin Alovatshoyev, Chorshanbe Chorshanbiyev va noyabrdagi noroziliklardan keyin qo‘lga olingan viloyatning boshqa fuqarolari ham ozod etilishini talab qildi. Namoyishchilar ularning talablari bajarilmasa, yana norozilik aksiyasiga to‘planishini da’vo qildi.
Viloyat prokuraturasi miting tashkilotchilariga terrorizm haqidagi ish bilan tahdid qildi, bu haqda «Bomdod» viloyat prokurori Parviz Orifzodaning mahalliy televideniye orqali bergan bayonotiga tayanib xabar berdi. Idora vakili mitingni mamlakatda xavfsizlikka putur yetkazish maqsadida Barxorug‘ mitti tumanining «norasmiy yetakchisi» Mamadbokir Mamadbokirov, Muhiddin Kabiriy va Alim Sherzamonov tomonidan tashkillashtirilgan «noqonuniy aksiya» deb atadi.
Prokuraturada ma’lum qilishlaricha, hukumat ushbu xatti-harakatlarni terrorizm deb baholaydi va ularga tegishlicha javob ko‘rsatadi. Orifzoda qayd etishicha, agar Mamadbokirov va uning tarafdorlari yangi namoyishlarni tashkillashtirishga urinsa, hukumat ushbu intilishlarni terrorchilik harakatiga urinish sifatida qattiqqo‘llik bilan to‘xtatadi.
Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi vaziyat so‘nggi kunlarda sudlar aktivist Amriddin Alovatshoyevni 18 yil koloniyaga va MMA jangchisi Chorshanbe Chorshanbiyevni 5,5 yil ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilganidan keyin murakkablashdi.
Hukumat iste’foga chiqish masalasini ko‘rib chiqishdan bosh tortdi, shu tufayli 16 may kuni mahalliy yoshlardan iborat katta guruh viloyat ma’muriyati tomonga qarab yo‘l oldi. Chinoq qishlog‘i yaqinida ularni Tojikiston xavfsizlik kuchlari idoralari xodimlari qarshi oldi, deb yozadi mahalliy OAVlar.
Badaxshon huquq-tartibot organlari xodimlari norozilik namoyishi ishtirokchilariga qarshi rezina o‘qlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘lladi. Bir necha kishi jabrlangani aytilmoqda.
OAVlarga ko‘ra, shaharda internet o‘chirib qo‘yilgan. Tojikiston xavfsizlik kuchlari Xorug‘dagi markaziy maydonlarga olib boruvchi barcha yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. Shahardagi asosiy ko‘prik, shuningdek, Shoshxorug‘ mitti tumanidagi ko‘prik ham qurshovga olingan. «Bomdod» huquq-tartibot organlariga tayanib yozishicha, aksiyada 200 ga yaqin kishi qatnashgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida jangovar o‘qlar uzilishi oqibatida Xorug‘ fuqarosi halok bo‘lgan.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi