Foto: Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiya Mudofaa vazirligi «Azovstal» zavodi hududi nazorat ostiga olinganini ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov qayd etishicha, 20 may kuni harbiy xizmatchilarning 531 kishidan iborat so‘nggi guruhi asirlikka taslim bo‘lgan. Zavoddan bir necha kun ichida jami 2439 nafar harbiy chiqarilgan. Mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinni «operatsiya yakunlangani hamda kombinat va Mariupol shahri ukrainalik jangarilardan to‘liq ozod etilgani haqida» xabardor qildi, dedi Konashenkov.
Taslim bo‘lgan harbiylar orasida «Azov» polkining «komandiri» ham bor, deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida. Konashenkov ta’kidlashicha, u zavod hududidan maxsus zirhli avtomobilda chiqarib ketilgan — go‘yoki, uning «ko‘plab vahshiyliklari tufayli mariupolliklarning nafratiga uchragani va shaharliklar uni jazolash istagida bo‘lgani uchun» shunday qilingan. Ammo idoraning rasmiy bayonotida komandirning ism-sharifi keltirilmagan. Konashenkovning bayonotidan bir soat avval Birinchi kanal «Azov» komandiri Denis Prokopenko asirlikka taslim bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Ukraina hukumati Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotlarini izohlaganicha yo‘q. Prezident Vladimir Zelenskiy o‘z inauguratsiyasining uch yilligi munosabati bilan tashkil qilingan intervyuda (U Rossiya Mudofaa vazirligi xabarlaridan avvalroq e’lon qilingandi) zavoddagi harbiylar «chiqib, o‘z hayotlarini saqlab qolishga to‘la huquqli ekanliklari haqida buyruq olgan»ini aytgandi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, harbiylarning chiqib ketishi haqida «Turkiya, Shveysariya, Isroil, Fransiya bilan ushbu mamlakatlar yetakchilarining Rossiya bilan munosabatlari tufayli» kelishuv olib borgan. «Ammo ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, harbiylarimizga tegishli qurol-yarog‘larni taqdim etish uchun, harbiy yo‘l bilan biz Mariupolga borib, bu odamlarni qamaldan chiqarishimiz uchun boshqa davlatlar yetakchilari bilan o‘nlab, yuzlab marta gaplashganman», — dedi Ukraina prezidenti.
Harbiylar 16 may kuni «Azovstal» hududidan chiqishni boshlagandi. Ukraina hukumati «asirlikka taslim bo‘lish» iborasidan qochib, hodisani «qutqaruv operatsiyasi» deb atagan va harbiylar tez orada Ukraina nazorati ostidagi hududga o‘tishini ta’kidlagandi. Harbiylarning o‘zlari, taslim bo‘lishni boshlashdan avval, qo‘mondonlik buyrug‘ini bajarayotganini ma’lum qilgandi. Jarayon boshlanganidan keyin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiylarni qaytarish ishlari «ehtiyotkorlik va vaqt talab qilishi»ni aytib, «ukrain qahramonlari Ukrainaga sog‘-omon holda kerakligini» ta’kidlagandi; undan keyin Ukraina hukumati o‘z bayonotlariga ehtiyotkorlik bilan yondashib, mavzu bo‘yicha izohlardan tiyilishni afzal ko‘rdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi «Azovstal»dagi harbiylar o‘z-o‘zini xalq respublikasi deb e’lon qilgan Donetsk hududiga olib ketilayotganini xabar qilgandi. Idora bayonotiga ko‘ra, yaradorlar Novoazovsk shahar kasalxonasiga, qolganlar esa Yelenovka qishlog‘iga jo‘natilgan. Ammo Rossiya OAVlarining norasmiy xabarlarida «Azov» jangchilari Rostov viloyatidagi tergov izolatoriga yuborilayotgani aytilgandi. Ukrain harbiylarining taslim bo‘lishi va Ukraina hukumatining ular ayirboshlanishi haqidagi bayonotlari fonida, Rossiyada, aksincha, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida gapira boshlashdi. Xususan, Davlat dumasida «natsist jinoyatchilar safidan bo‘lganlarni ayirboshlashni» qonun bilan taqiqlashni va Rossiyada o‘lim jazosini moratoriydan istisno qilishni taklif etishdi. Rossiya Bosh prokuraturasi esa Oliy suddan «Azov»ni terrorchilik tashkiloti deb tan olib, Rossiyada uning faoliyatini taqiqlashni so‘radi.
«Azovstal» bir yarim oy mobaynida Mariupolda Ukraina qismlarining yagona qarshilik ko‘rsatish nuqtasi bo‘lib kelgan. Shaharning katta qismi aprel boshidayoq rossiyalik harbiylar nazorati ostiga o‘tgan va zavod qurshovda qolgan. Birinchi haftalarda hududda «Azovstal»ni mudofaa qilayotgan Ukraina HDK 36-dengiz piyodalari brigadasi va «Azov» polki harbiylari bilan birga yuzlab tinch aholi vakillari ham bo‘lgan. Kiyev va Moskva ularni evakuatsiya qilish haqida kelishib olishga tayyorligini bildirgandi, ammo aprel oyi bir-birini kelishuvlarni buzishda ayblash bilan o‘tdi. Oxir-oqibat tinch aholini evakuatsiya qilish 30 apreldagina Qizil xoch va BMT vositachiligida boshlandi; 7 may kuni zavod hududidan barcha ayollar, bolalar va keksalarni chiqarib ketish yakunlandi. Ularning bir qismi Zaporojega yetkazildi, boshqalar esa, Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Donetsk Xalq Respublikasida qolishga qaror qildi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar