Foto: Reuters
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Bavariyada bo‘lib o‘tayotgan G7 sammitida Rossiyadagi vaziyat va hukumat siyosatidan norozi bo‘lgan rossiyalik olimlarga Buyuk Britaniyada ishlashni taklif qildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Jonsonning aytishicha, u ushbu tashabbusni ukrainalik olimlarga Buyuk Britaniya institutlarida tadqiqot qilish imkonini beruvchi Buyuk Britaniya—Ukraina universitetlari hamkorlik tizimini kengaytirish doirasida boshlagan.
Murojaat Rossiyada o‘zini xavfsiz his qilmagan va «Putinning zo‘ravonliklarini xavotir bilan kuzatayotgan» rossiyalik olimlar va tadqiqotchilarga tegishli, dedi bosh vazir. «Siz Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tish uchun ishonch bilan ariza topshirishingiz hamda ochiqlik, erkinlik va bilimga intilishni qadrlaydigan mamlakatda ishlashingiz mumkin», — deya ta’kidladi u.
The Guardian nashrining yozishicha, 130 ga yaqin ukrainalik olim Buyuk Britaniyaga «Xavf ostida bo‘lgan tadqiqotchilar» dasturi doirasida keladi, dastur budjeti deyarli 10 million funt sterlingga (12,3 million dollar) oshirilgan. Ularga hayoti, erkinligi yoki ilmiy faoliyati uchun tahdidlarga duch kelgan, o‘z faoliyatining turli bosqichlarida ish olib borayotgan fan vakillari, shuningdek, bunday tahdidlar tufayli ko‘chirilgan yoki mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan shaxslar kiradi.
Mart oyida, Ukrainada Rossiya bosqini boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Britaniya hukumati ukrainalik olimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 3 million funt sterling (3,68 million dollar) ajratishini e’lon qildi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya fan vaziri Jorj Friman Rossiya davlat universitetlari va tashkilotlari bilan olib boriladigan tadqiqot dasturlarini moliyalashtirish to‘xtatilganini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, bu chora «Kreml harakatlariga qarshi chiqqan» rossiyalik olimlar va talabalarga taalluqli emas.
Aprel oyi oxirida The New York Times gazetasi AQSH prezidenti Jo Bayden Kongressga «ilmiy oqimni tezlashtirish» va «Rossiya prezidenti Vladimir Putinni iqtidorli rossiyaliklardan mahrum qilish» maqsadida rossiyalik olimlarga AQSH vizalarini berishni soddalashtirishni taklif qilgani haqida xabar berdi». Gazetaning ta’kidlashicha, bu taklif sun’iy intellekt, yadroviy muhandislik yoki kvant fizikasi kabi sohalarda magistr yoki doktorlik darajasiga ega bo‘lgan Rossiya fuqarolariga tegishli. AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vakilining Bloomberg agentligiga aytishicha, Vashington hech bo‘lmaganda Putinning yuqori texnologiyali resurslarini zaiflashtirishga va maksimal darajada Rossiyaning innovatsion bazasiga putur yetkazishga harakat qilmoqda.
Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti Aleksandr Sergeyev mamlakatda mutaxassislarning «faoliyatini qulayroq va qiziqarliroq qilish» hamda ularning chet elga chiqib ketishining oldini olish uchun sharoit yaratishga chaqirdi. Rossiya Fanlar akademiyasi rahbari, shuningdek, Rossiya rasmiylari do‘stona emas deb hisoblagan mamlakatlar olimlari bilan ilmiy aloqalarni uzishga qarshi chiqdi va aloqalarni tiklash qiyin bo‘lishini ta’kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»